Uch viloyatda 5 kilodan ortiq “gashish” va 7 kilo “marixuana” topildi

3-sahifa

image

Qashqadaryo, Buxoro hamda Farg‘ona viloyatida katta miqdordagi giyohvandlik vositalari ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Qashqadaryo hududida “Qarshi – Toshkent” yo‘nalishida harakatlanayotgan Cobalt avtomashinasi tekshirilganda, Andijon viloyatining Buloqboshi tumanida yashovchi, 1966 yilda tug‘ilgan fuqaroning qo‘l sumkasidan 5 kilogramm 32 gramm “gashish” giyohvandlik vositasi topilgan va musodara qilingan.

Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida yashovchi, 1974 yilda tug‘ilgan fuqaroning tomorqasida esa 33 tup “kannabis” o‘simligi parvarish qilinayotgani aniqlangan. Shuningdek, xonadondan 7 kilogramm 79 gramm “marixuana” giyohvandlik vositasi ham ashyoviy dalil sifatida olingan.

Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida “Andijon – Qo‘qon” yo‘nalishida harakatlanayotgan Lacetti avtomashinasi to‘xtatilib, undagi ikki nafar yo‘lovchiga tegishli qoplardan 1200 dona “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi aniqlangan.

Shuningdek, ular bilan birga harakatlanayotgan yana bir sherigi ham qo‘lga olingan. Tezkor tadbirlarning davomi sifatida mazkur noqonuniy faoliyatga aloqador yana ikki nafar shaxs ushlanib, ulardan qo‘shimcha ravishda 345 dona “Tropikamid” va 15 dona “Regapen” dori vositalari musodara qilingan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu shaxslar kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini Qirg‘izistondan aylanma yo‘llar orqali olib kirib, sotish bilan shug‘ullangan.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida qariyb 3 kilogramm “gashish” musodara qilingan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing