“O‘ldiga chiqqan” Kim Chen In odamlarga ko‘rinish berdi (fotoreportaj)
Olam
−
02 may 2020
20815Avvalroq, Koreya Xalq Demokratik Respublikasi yetakchisi uzoq muddatli tanaffusdan keyin ilk bor ommaga ko‘rinish bergani haqida xabar qilgandik. KXDRning hukmron Mehnat partiyasining rasmiy nashri “Nodon sinmun” o‘ldiga chiqarilgan mamlakat yetakchisi Kim Chen Inning 20 kundan keyin olingan suratlarini e’lon qildi.
Suratlar kecha, 1 may kuni Sinchxon shahridagi o‘g‘it ishlab chiqaruvchi zavodning ochilish marosimida olingan. Marosimda Shimol yetakchisiga singlisi Kim Yo Jon hamrohlik qilgan.
Ba’zi suratlarda 2020 yil 1 may “Sinchxon o‘g‘it ishlab chiqaruvchi zavodi qurilishini yakunlash marosimi”, deb yozilgan. Suratlarda Kim Chen Inni xursand va tetik ekanini ko‘rish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, KXDR yetakchisi 11 aprel – Koreya Mehnat partiyasi Markaziy Qo‘mitasining Siyosiy byurosining ichki siyosat masalalari bo‘yicha yig‘ilishini o‘tkazgandan beri jamoatchilik oldida ko‘rinmayotgandi. Xususan, Kim Chen In 12 aprel kuni Oliy Milliy Majlisning yillik sessiyasida ishtirok etmadi va uning hukmronlik qilganidan beri birinchi marta 15 aprel kuni Kim Ir Senning 108 yilligi munosabati bilan bo‘lib o‘tgan Kumsusan Quyosh Saroyidagi marosimda qatnashmagandi.
25 aprel kuni Gonkongda joylashgan HKSTV sun’iy yo‘ldosh radioeshittirish kompaniyasi vitse-prezidenti Kim Chen Inning vafoti haqida xabar qilgan edi. KXDR davlat radiosi esa mamlakat fuqarolariga Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning o‘limi haqidagi mish-mishlarga qaramay uning faoliyatini davom ettirayotganini ma’lum qildi.
Janubiy Koreya Prezidenti Mun Chje Inning tashqi siyosat bo‘yicha katta maslahatchisi Moon Chong In CNN’ga Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Inning o‘lgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi gaplarga izoh berib, Shimol yetakchisi tirik va sog‘-salomat ekanini ma’lum qildi.
LiveBarchasi