Kim Chen Inning “o‘limi”: Shimoliy Koreyani nima kutyapti, merosxo‘rlar qatorida kimlar bor?
Tahlil
−
28 aprel 2020
50791So‘nggi kunlarda butun dunyo e’tibori Koreya Xalq Demokratik Respublikasiga qaratilgan. Negaki dunyo matbuoti yana bir bor Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inni “dafn qildi”. Turli kazo-kazo nashrlarning yozishicha, KXDR Davlat kengashi raisi allaqachon vafot etgan yoki koma holatiga tushgan. Tilga olinayotgan yana bir variant Kim Chen Inning jarrohlik amaliyotidan keyin “vegetativ” holatga tushib qolgani bo‘lyapti.
Hali hech qanday rasmiy ma’lumot berilmasidan “o‘lgan” Kim Chen Inga xalaf ham topib qo‘yildi. Bu – uning singlisi Kim Yo Jon. Bunday xulosaga kelinishiga KXDR yetakchisining uzoq vaqt xalqqa ko‘rinmagani, milliy bayramni o‘tkazib yuborgani va mahalliy davlat matbuotining sukut saqlashi sabab bo‘ldi. Keyinroq mahalliy OAV “uyg‘ondi” va mamlakat liderining bayonotini e’lon qildi. Rossiyalik koreyashunos Konstantin Asmolov Kim Chen Inning vafoti qanchalik haqiqatga yaqinligi, Shimoliy Koreyada ilk ayol rahbar bo‘lishi ehtimoli haqida fikr bildirdi.
Sanamay sakkiz dema
Shimoliy Koreya yetakchisi vafot etgani yoki koma holatida ekanini aytayotgan manbalarga ishonish qiyin. Hozircha ular tasdiqlovchi manbaga kirmaydi. “Anonim, ammo yaxshi xabardor manba” jurnalistika standartlariga ko‘ra, yana nimagadir tayanishi kerak. “Anonim” manba ortida nomi zikr etilishini istamagan mutaxassis yoki amaldor bo‘lishi ham mumkin, ammo u muallif o‘zi yozayotgan matnni xaspo‘shlash va qaysidir darajada qonuniylashtirish uchun o‘ylab topgan uydirma bo‘lishi ham mumkin.
Mutaxassisning fikricha, “mish-mishlarga ko‘ra” deya tarqatilgan xabarlarga ishonish kerak emas. Bilxusus, KXDR kabi davlatlar haqida so‘z borganda ikki narsani unutmaslik kerak. Birinchidan, mamlakatning yopiqligi uni xayp uchun yaxshi nishonga aylantiradi va Shimol haqidagi har qanday “qaynoq” xabar tezda tarqaladi. Ikkinchidan, aksilpxenyan propagandasi illyuziya emas va turli mish-mishlar unda muhim rol o‘ynaydi.
Ekspert Shimoliy Koreya masalasida yana bir jihatga e’tibor berish kerakligini ta’kidlagan. U yoki bu OAV KXDRning yangi yetakchisi kim bo‘lishi haqidagi axborotni qayerdan oladi? Shimoliy Koreyadek davlatda bunday ma’lumotlarga judayam tor doiradagi shaxslar voqif bo‘ladi va bu to‘g‘ridagi aniq axborotni olish, boshqa davlatlarda kim rahbarlikdan ketib, kim kelishi haqida axborot olishdan ancha mushkul. Ammo yapon jurnalistlari shu kunlarda KXDRdagi kadrlar o‘zgarishi haqida xabar tarqatdi. Ularning yangiligini mavjud ba’zi faktlarga tayanib, bir “anonim” manbaga tirkab e’lon qilishga o‘xshatish mumkin.
Ammo anonim bo‘lmagan manbaga asoslangan nashrlar yo Kimning vafotini inkor qildi, yo axborot tekshirilayotganini bildirdi.
Bir necha hafta sukunat
Agarda Kim Chen In haqida mavjud axborotga qarasak, KXDR yetakchisi 11 apreldan beri ommaga ko‘rinish bermagani, ilk bor 15 aprel kuni bobosining tug‘ilgan kuni munosabati bilan milliy bayramda ishtirok etmagani ma’lum bo‘ladi. Shimoliy Koreyaning KMTA (Koreya markaziy telegraf agentligi) Kim 11 apreldan keyin telegramma va tabriklar yuborganini ma’lum qildi.
2014 yilda Kim Chen In bir yarim oy ommaga ko‘rinmagandi. Keyin esa u oyog‘idan jarohat olgani ma’lum bo‘lgandi. Ammo o‘shanda ham KXDR yetakchisini “ko‘mish”ga ulgurishgandi.
Ma’lumki, Kim ko‘p tamaki chekadi, uning semizligi esa nasliy qand diabeti kasalligi bilan bog‘liq. Bu ikki omil yurak-qon tomir tizimidagi muammolarning xavfini orttiradi. Shuning uchun, Kim navbatdagi safari davomida betob bo‘lib qolgani haqidagi xabarni butkul rad qilib bo‘lmaydi. Biroq yurak huruji qayerda-yu, komaga tushish qayerda.
Merosxo‘rlikka da’vogarlar
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, bunday vaziyatda Kim Chen Inning davomchisi kim bo‘lishi masalasi mavhumlik nazariyasiga asoslanyapti. Birinchi darajali nomzod sifatida Kim Chen Inning singlisi Kim Yo Jon ko‘rilyapti. U akasidan uch yo to‘rt yosh kichik deb hisoblanadi.
Singlisi akasining mamlakat bo‘ylab va hatto xorijiy safarlarida ham unga hamrohlik qiladi. Kim Yo Jon tashqi olamda tashviqot olib borish masalalariga javob beradi, deb hisoblanadi. U 2020 yildan esa OAVga rasmiy bayonotlar bera boshladi. Yo Jon shimolliklarning olimpiya delegatsiyasiga rahbarlik qilgan musobaqadan keyin ikki koreys davlati o‘rtasida iliqlik yuzaga keldi. Albatta, unda hozircha rasmiy merosxo‘r maqomi yo‘q. Umuman KXDRdek yopiq va harbiylashgan davlatda ayol rahbar bo‘lishi ehtimoldan yiroq.
Kim Chen Inning singlisidan tashqari akasi Chon Chxol ham bor. U 1981 yil tug‘ilgan va 2009 yilgacha aynan u merosxo‘r sifatida ko‘rilgan. Kim Chen In harbiy sohada kar’era qilgan bo‘lsa, akasi Kommunistik partiyaning tashkiliy bo‘limida faoliyat yuritgan. Chon Chxol ukasi hokimiyatga kelgach, siyosiy maydondan yo‘qolib qolgan. Uka vafot etsa, singildan ko‘ra akaning hokimiyatga kelishi mantiqliroqdek ko‘rinadi.
Kimlar sulolasiga mansub bo‘lgan Kim Pxyon Ir ham bor. U Kim Chen Irning ota bir ona boshqa ukasi. Balki shuning uchun, ko‘p vaqtini Sharqiy Yevropa davlatlarida elchilik bilan o‘tkazgan. Ammo u yaqinda Vataniga qaytgan.
Kimlar oilasidan bo‘lmagan birining hokimiyatga kelishi kabi ssenariy ham yo‘q emas. Ammo buning imkoniyatlari juda oz.
Orzu va bashoratlar
Nimalarni unutmaslik kerak? Birinchidan, Shimoliy Koreyada har galgi hokimiyat almashinuvi KXDRning “umri oz qolgani” haqidagi taxminlar bilan bo‘lgan. Rahbar almashganida diktatorlik 2-3 yilda tugashi, Janub Shimolni xaritadan “supurib” tashlashi kabi fikrlar ilgari surilgan. Kim Chen Ir esa hatto yengil hayotga o‘rgangan Prezident sifatida ko‘rilgan. Biroq u 1994-2011 yillar davomida hokimiyatda turib, mamlakatni tanazzuldan saqlab qolgan va hozirgi yadro dasturining asosini yaratgan.
Kim Chen Inni esa juda yosh ekanini aytib, tajribali siyosatchilar uni yo‘rig‘iga solib olishi taxmin qilingandi. Ammo Kim Chen Ir vafotidan bir yil o‘tib, uning dafn marosimida tobutini ko‘targan 8 kishidan faqatgina o‘g‘li tirik qoldi. Shu bilan birga, u “yopiqlik” sharoitida islohotlar olib borishini va mamlakatga yadroviy qalqon qurishini e’lon qildi.
Ikkinchidan, KXDRning har bir rahbari tizimni o‘ziga moslashtirib olgan. Natijada KXDRda “abadiy prezident” va “abadiy bosh kotib” shakllangan. Katta ehtimol bilan Kim Chen Indan keyingi rahbar ham tizimda o‘zgarishlar qiladi.
O‘zgarish deganda, keskin tashqi siyosiy va iqtisodiy o‘zgarishlarni kutish xomhayol. Shimoliy Koreyadagi vaziyat ko‘p tomondan tashqi omillar natijasida shakllangan va radikal geosiyosiy muhit o‘zgarmasidan mamlakatda biror narsa o‘zgarishini kutib bo‘lmaydi. Bundan tashqari, Janubiy Koreya Konstitutsiyasi butun yarimorolga amal qilishi belgilangan va Koreya Respublikasining milliy xavfsizligi to‘g‘risidagi qonuni KXDRni davlatga qarshi tashkilot sifatida ko‘radi. Sodda qilib aytganda, rasmiy Seul Pxenyanga o‘z hududi sifatida qaraydi.
LiveBarchasi