Tuz o‘rniga kir yuvish kukuni: 34 nafar maktab o‘quvchisi zaharlandi

Olam

image

Joriy yilning 18 avgust kuni Hindistonning Bixar shtatidagi Parsa o‘rta maktabida o‘quvchilarga tuz o‘rniga yuvish vositasi solingan taom berilgani aytilib, 34 nafar bola shifoxonaga yotqizildi. Bu haqda “The Independent” xabar berdi.

Xabarlarga ko‘ra, o‘quvchilarga tushlikda guruch hamda kartoshka va soya mahsulotidan tayyorlangan taom berilgan. Ayrim bolalar ovqatda tuz yetishmayotganidan shikoyat qilgan. Shundan so‘ng ularga tuz o‘rniga adashib kir yuvish kukuni berilgani aytilmoqda.

Ovqatni iste’mol qilganidan ko‘p o‘tmay bolalarda tomoq va qorin sohasida achishish, bosh aylanishi va qusish kabi alomatlar kuzatilgan. Ayrim o‘quvchilar hushidan ketgani ham xabar qilingan.

Maktab direktori Shaylendra Kumar Singxning aytishicha, oshxona xodimlaridan biri o‘quvchilar qo‘shimcha tuz so‘raganida kir yuvish kukunini tuz deb adashtirgan.

Biroq Nalanda tumani ta’lim bo‘limi vakillari kir yuvish kukuni ovqatga aralashtirilgani haqidagi da’voni hozircha tasdiqlamagan. Rasmiylar voqea yuzasidan tekshiruv olib bormoqda.

Nalanda bosh shifokori Jay Prakash Singx bolalarning ahvoli barqaror ekanini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, dastlab o‘quvchilarga ovqatdan zaharlanish tashxisi qo‘yilgan.

Bixar shtati vaziri Shravan Kumar ham shifoxonaga borib, bolalarning holidan xabar oldi. U voqea sabablarini aniqlash uchun batafsil tekshiruv o‘tkazilishini bildirdi.

Mazkur hodisa Hindistondagi maktablarda bepul tushlik berish dasturi doirasida oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq muammolarni yana bir bor kun tartibiga olib chiqdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindiston Ta’lim vaziri Dxarmendra Pradhan imtihon savollari sizib chiqishi ortidan mamlakat bo‘ylab davom etayotgan ommaviy norozilik namoyishlaridan so‘ng iste’foga chiqqanii haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing