Hindiston Ta’lim vaziri ommaviy noroziliklar ortidan iste’foga chiqdi

Olam

image

Hindiston Ta’lim vaziri Dxarmendra Pradhan imtihon savollari sizib chiqishi ortidan mamlakat bo‘ylab davom etayotgan ommaviy norozilik namoyishlaridan so‘ng iste’foga chiqdi. Bu haqda u bugun, 25 iyul kuni o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.

Pradhanning aytishicha, u yuzaga kelgan vaziyatdan “millatga qarshi kuchlar” siyosiy maqsadlarda foydalanib ketmasligi uchun Bosh vazir Narendra Modiga iste’fo arizasini taqdim etgan.

“Men mamlakat yoshlarining orzu-intilishlari, his-tuyg‘ulari va qonuniy talablarini chuqur hurmat qilaman”, deb yozgan u.

Vazir, shuningdek, o‘n minglab talabalarning noroziliklari siyosiy maqsadlarda suiiste’mol qilinishiga yo‘l qo‘ymaslikni istashini, yoshlar o‘qish va kelajakdagi faoliyatiga e’tibor qaratishi kerakligini ta’kidlagan.

Namoyishlarga boshchilik qilayotgan satirik “Tarakanlar xalq partiyasi” harakati yetakchisi Abhijeyet Dipke vazirning iste’fosini namoyishchilarning muhim g‘alabasi sifatida baholagan.

“Biz bunga erishdik. Demokratiya g‘alaba qozondi”, deydi u Dehlidagi Jantar Mantar maydonida yig‘ilgan namoyishchilar oldida.

Harakat vakillari hukumat oldiga yana ikki talabni qo‘ygan. Ular namoyishchilarga nisbatan qo‘zg‘atilgan barcha jinoyat ishlarini bekor qilish hamda imtihon savollarining sizib chiqishi ortidan o‘z joniga qasd qilgan talabalar oilalariga kompensatsiya to‘lanishini so‘ramoqda.

So‘nggi kunlarda Dehlida vaziyat keskinlashgan. Politsiya parlament tomon yo‘l olgan namoyishchilarni tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va maxsus vositalardan foydalangan. Oqibatda ko‘plab talabalar jarohat olgani aytilmoqda.

Avvalroq, Hindiston hukumati vaziyatni yumshatish maqsadida imtihon savollari sizib chiqishi bilan bog‘liq ishlarni tezkor sudlarda ko‘rib chiqish hamda imtihon tizimidagi firibgarlik va korrupsiyaga qarshi choralarni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasini ishlab chiqishini ma’lum qilgandi.

Tahlilchilarga ko‘ra, ushbu norozilik namoyishlari so‘nggi yillarda Bosh vazir Narendra Modi hukumatiga qarshi kuzatilgan eng yirik jamoatchilik chiqishlaridan biri bo‘lib, yoshlar orasida ish o‘rinlari taqchilligi, korrupsiya va davlat boshqaruvidagi muammolar yuzasidan norozilik kuchayib borayotganini namoyon etdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindistonda imtihon savollarining sizdirilishi ortidan minglab yoshlar norozilik namoyishlariga chiqib, namoyishchilar mamlakat Ta’lim vaziri Dxarmendra Pradhanning iste’fosini talab qilayotgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing