Turkmanistonning yangi elchisi Toshkentda ish boshladi
Jamiyat
−
24 avgust 2023
3381Shadurdi Meredov Turkmanistonning O‘zbekistondagi elchisi sifatida Toshkentda ish boshladi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bugun, 24 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Shadurdi Meredovdan ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qilib olgan.
“So‘nggi yillarda aloqalarimiz misli ko‘rilmagan darajada kengayganiga guvoh bo‘ldik. Erishilgan yutuqlar talaygina, yanada ko‘prog‘i esa hali oldinda”, deydi Baxtiyor Saidov.
Shuningdek, Tashqi ishlar vaziri Turkmaniston elchisiga O‘zbekistondagi faoliyati mobaynida muvaffaqiyat tilagan.
Eslatib o‘tamiz, Shadurdi Meredov joriy yilning 1 avgust kuni Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov tomonidan Turkmanistonning O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlagan edi. Shuningdek, mazkur tayinlovga qadar mamlakatning O‘zbekistondagi elchisi sifatida ishlayotgan Yazguli Mammedovni lavozimidan ozod etgandi.
LiveBarchasi