Turkmanistonda san’atkorlar Prezidentni ulug‘lashga “majburlanyapti”

Madaniyat-san’at

image

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning vafot etgani haqidagi xabar garchi keyinchalik tasdiqlanmagan bo‘lsa-da, Markaziy Osiyo mintaqasida eng ko‘p muhokama qilingan voqeliklardan biri bo‘ldi.

24 iyuldan beri esa Turkmaniston ommaviy axborot vositalarida Berdimuhamedovning tirikligiga alohida urg‘u berilyapti. Turkmaniston rasmiylari kech bo‘lsa-da davlat rahbariga qaratilgan tashviqotga qarshi harakatlarni ham boshladi. Bu vazifa mamlakat Madaniyat vazirligiga yuklatildi.

Shundan so‘ng, turkman shou-biznesi vakillari Instagram`da bir vaqtda Gurbanguli Berdimuhamedovni o‘ldiga chiqarganlarni sharmadagarchilik deb, la’natlash kampaniyasini boshladi va #duryalan (to‘xta yolg‘on) xesh-tegi bilan videomurojaat yo‘llab, muxlislaridan bunday mish-mishlarga ishonmaslikni so‘radi.

Mahalliy qiziqchi Yagshi Goshunov murojaat yo‘llab, Vatanni sevishga va tuxmatchilarga ishonmaslikka chaqirgan.

“Bizning Vatan kichkina qo‘g‘irchoqdek va eng yaxshisi unda doim bolalar kulgisi eshitilsin. Keling, Vatanimiz uchun g‘urur bilan yashaylik. Tuxmatchilarning yuzi esa qizigan temir bilan jizg‘anak bo‘lsin. Bizni ushbu dorilomon zamonga olib kelgan Prezidentimiz omon bo‘lsin”, degan Goshunov.

Shunga o‘xshash rolikni qo‘shiqchi Selbi Tuvakgilidjova ham yo‘lladi.

“Shu kunlarda internetda yolg‘on xabarlar tarqaldi. Umid qilamanki, siz ularga ishonmaysiz va ularni qo‘llab-quvvatlamaysiz. Alloh xalq va Prezidentni Vatan xoinlaridan himoya qiladi”, degan Tuvakgilidjova.

Turkmanistonning boshqa mashhur shaxslari ham o‘xshash murojaatlar bilan chiqdi.

Ayni vaqtda “Oriyent” hukumat nashri Telegram`dagi “feyk” xabar tarqatuvchi anonim kanallarni tanqid qildi. Maqolada har qanday to‘g‘ri-noto‘g‘ri xabarlarning tezda tarqalishi va odamlarning aldanishida internetning o‘rnini qoralangan.

Ma’lumot uchun, Turkmanistonda Instagram ijtimoiy tarmog‘i va Telegram messenjeri bloklangan.

Ahamiyatli jihat shundaki, bungacha rasmiy Ashxobod Berdimuhamedovning o‘limi haqidagi xabarlarga hech qanday tepki bermay, faqatgina turli mamlakatlardagi turkman elchixonalari davlat rahbarining tirikligini ma’lum qilgandi.

Aslida esa, Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov ko‘rinmay qolgan vaqtida ta’tilda bo‘lgan. Bu rasman e’lon qilindi. Avvalroq, Berdimuhamedov ta’tilda nimalar bilan mashg‘ul bo‘lgani haqida maqola e’lon qilgandik.

Turkmanistondagi voqealar sobiq Sovet Ittifoq tarkibida bo‘lgan mamlakatlarda shou-biznes vakillarining aholining fikrini o‘zgartirishda eng muhim vosita ekanini yana bir bor isbotladi.

Bunga yuz berganiga ko‘p bo‘lmagan O‘zbekistondagi ikki holatni misol tariqasida keltirish mumkin. Birinchisi, Gulnora Karimovaning ozodlikka chiqish masalasi sun’iy ravishda kun tartibiga chiqarilganda shou-biznes vakillarining uni sog‘inganini oshkora bildirgani bo‘ldi. 

Ikkinchi holatni esa Majburiy ijro byurosi xodimlarining ishga zo‘r berishi ortidan o‘zbek shou-biznesi vakillarining MIB xodimlariga “paxta” qo‘yib murojaatlar yo‘llaganida ko‘rdik.

Eslatib o‘tamiz, “Arqadag‘” Gurbanguli Berdimuhamedov joriy yilning 24 iyul kuni mahalliy “Altyn Asyr” telekanali efirida ko‘rinish berdi.

Oradan bir kun o‘tib esa Turkmanistonda Prezidentning o‘lgani haqida xabar tarqatganlarni qo‘lga olish boshlandi. “Turkmantelekom”ning Lebop viloyati bo‘limi xodimi, suv xo‘jaligi ishchisi va uy-kommunal xo‘jalik ishchisi hibsga olindi.


Maqola muallifi

Teglar

Gurbanguli Berdimuhamedov Turmaniston

Baholaganlar

147

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing