Turkmanistonda qo‘l ushlashib yurgan juftliklarni qo‘lga olish boshlandi

Olam

image

Turkmanistonning Mari shahrida o‘nlab juftliklar jamoat joylarida qo‘l ushlashib yurgani uchun qo‘lga olindi. Bu haqda “Meduza” yozmoqda.  

Politsiya hibsga olinganlarni “an’anaviy ijtimoiy me’yorlarni” buzganlikda ayblagan. Ular politsiya bo‘limiga kishanlangan holda olib kelingan. Hibsga olinganlar kelajakda o‘z his-tuyg‘ularini oshkora ko‘rsatmaslik va’dalariga imzo chekkanlari uchun qo‘yib yuborilgan. Politsiya xodimlari ularga qoidabuzarliklar takrorlangan taqdirda “jiddiy muammolarni” va’da qilgan. Ta’kidlanishicha, Turkmanistonda qo‘l ushlashish rasman taqiqlanmagan. 

Sardor Berdimuhamedov hokimiyatga kelganidan so‘ng Turkmanistonda aholining, ayniqsa ayollarning xulq-atvori va tashqi ko‘rinishi ustidan nazorat sezilarli darajada oshirilgan. Aprel oyidan boshlab mamlakatda lab kattalashtirish yoki tatuaj qildirish kabi ba’zi kosmetik operatsiyalarga taqiq joriy etilgan.  

Davlat korxonalari xodimlari ishdan bo‘shatish tahdidi ostida kosmetikadan voz kechish to‘g‘risida tilxat yozishga majbur bo‘lgan. Maktablarda yuqori sinf o‘quvchilari bilan manikyur va pedikyurga yo‘l qo‘yilmasligi haqida “tushuntirish suhbatlari” o‘tkazilgan. 

Bundan tashqari, rasmiylar ayollarga avtomobilning old o‘rindig‘iga o‘tirishni taqiqlagan. Haydovchilarga ham endilikda qarindoshlari bo‘lmagan ayollarni olib yurishga ruxsat berilmaydi: yo‘l harakati politsiyasi ayollar bo‘lgan joyda mashinalarni to‘xtatib, haydovchi bilan qarindoshlik aloqalarini isbotlashni talab qila boshlagan. 

Hukumatga yaqin manbalarga ko‘ra, rasmiylar ayollar uchun sayohatni taqiqlash masalasini ko‘rib chiqmoqda. Shunda ular xorijda davolanishga muhtoj bo‘lgan taqdirdagina Turkmanistonni tark etishi mumkin bo‘ladi. 

Turkmanistonda ayollarning tashqi ko‘rinishiga nisbatan jiddiy cheklovlar Gurbanguli Berdimuhamedov prezidentlik davrida ham vaqti-vaqti bilan e’lon qilingan. Biroq, ularning bajarilishi ustidan qat’iy nazorat bo‘lmagan.


Maqola muallifi

Teglar

Turkmaniston

Baholaganlar

614

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing