Turkmanistonda harbiy xizmatga chaqiruv yoshi oshirilishi mumkin

Olam

image

Turkmaniston hukumati armiyaga chaqirilish yoshini 30 yoshgacha oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Turkmen News” xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, farmon loyihasi allaqachon tayyor va Prezident tomonidan imzolanishi kutilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, ushbu tashabbus ayni harbiy xizmat yoshida chet elga o‘qishga ketayotganlar ko‘pligi uchun ilgari surilgan.

“Muddatli harbiy xizmatdan qochish uchun xorijga o‘qishga ketgan turkmanlar 30 yoshga to‘lgunga qadar u yerda qolishga majbur bo‘lishi mumkin. Rasmiylar chaqiruv yoshining yuqori chegarasini 30 yoshga ko‘tarishga tayyorlanmoqda. Hozir u 27 yosh. O‘zgartirishlar to‘g‘risidagi farmon allaqachon ishlab chiqilgan, ammo mamlakat Prezidenti Serdar Berdimuhamedov uni hali imzolamagan”, deyiladi xabarda.

Nashrning qo‘shimcha qilishicha, Turkmanistonda erkaklar hamma joyda harbiy guvohnomaga ega bo‘lishi shart – ishga kirishda, uy-joyni xususiylashtirishda, ro‘yxatdan o‘tishda va hokazo.

“Shunday qilib, harbiy ro‘yxatga olish idorasi orzu qilingan hujjatni bermaguncha, fuqaro o‘zining barcha huquqlaridan foydalana olmaydi”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yilning dekabr oyi oxirida turkmanistonlik askar Afg‘onistonga qochib o‘tgandi. Bir necha kundan so‘ng esa u mamlakatiga qaytarilgan. Yangi yil oldidan Mariy viloyatining Afg‘onistonga yaqin harbiy qismida ofitserlar uchun kazarma rejimi joriy qilingan. Shu vaqtda piyoda askar Turkmaniston-Afg‘oniston chegarasida yo‘lak topib, qo‘shni davlat hududiga o‘tgan va o‘z formasini yechib, simli to‘siqqa tashlab ketgan.


Maqola muallifi

Teglar

Turkmaniston harbiy xizmatga chaqiruv

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing