Turkmaniston “Temir yo‘llari” sobiq rahbari Rossiyada 8,5 yilga qamaldi
Olam
−
23 iyul 3831 2 daqiqa
Joriy yilning 21 iyul kuni Moskva viloyat sudi 2025 yil oktyabr oyida Domodedovo aeroportida Rossiyaga psixofaol moddalar olib kirayotganda qo‘lga olingan Turkmaniston “Temir yo‘llari” AOOT (“Demirýollary”) sobiq rahbari Xidir Rahmonovga nisbatan chiqarilgan hukmni o‘z kuchida qoldirdi. Ilgariroq Domodedovo shahar sudi uni aybdor deb topib, 8 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan. Mulozimni ozod qilishga yuqori lavozimli homiylar va vositachilar, jumladan, Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov hamda advokatlarning butun bir jamoasi uringan. Bu haqda “TurkmenNews” xabar berdi.
Rahmonovga nisbatan ayblov hukmi 16 aprel kuni chiqarilgan. Domodedovo shahar sudi sudyasi Dina Xansi ashyoviy dalillarni, turkman mulozimining qo‘lga olinish holatini va turli yengillashtiruvchi holatlarni ko‘rib chiqib, erkakni ikki modda bo‘yicha aybdor deb topgan, ammo nisbatan yengilroq jazo tayinlagan.
Shunday qilib, sudlanuvchiga katta miqdordagi psixofaol moddalar kontrabandasi (Rossiya Jinoyat kodeksining 229.1-moddasi 3-qismi) aybi qo‘yilgan bo‘lib, ushbu modda bo‘yicha 10 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan. Rahmonovga bu modda bo‘yicha 8 yil berilgan. Alohida ravishda, u o‘tkazish maqsadisiz katta miqdordagi psixofaol moddalarni noqonuniy saqlagani uchun (228-modda 2-qismi) 2 yilga ozodlikdan mahrum qilindi (qonunda buning uchun 3 yildan 10 yilgacha muddat belgilangan).
Sudya qisman qo‘shish yo‘li bilan sudlanuvchi umumiy hisobda 8 yilu 6 oy panjara ortida jazo o‘tashi kerakligini belgilagan. Muddat qo‘lga olingan sana – 2025 yil 4 oktyabrdan boshlab hisoblanadi.
Hukmda tushuntirilishicha, jazo muddati belgilangan chegaradan past bo‘lgan, chunki sud Rahmonovning “shaxsini hisobga olgan holda” yengillashtiruvchi holatlar majmuini “istisno tariqasidagi” deb topgan. Ushbu holatlar va tavsiflar orasida quyidagilar keltirilgan:
- aybni to‘liq tan olish, pushaymonlik va tergov bilan hamkorlik qilish;
- qaramog‘ida turli yaqin qarindoshlari, jumladan, voyaga yetmagan farzandi va surunkali kasalliklari bor onasi mavjudligi;
- o‘zidagi surunkali kasalliklar;
- ijobiy tavsifnomalar.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq mulozimga nisbatan qo‘zg‘atilgan ishni uch million dollar miqdorida pora berish orqali yopishga harakat qilingani haqida xabar berilgan edi. Pullar Ashxoboddan diplomatik pochta orqali yuborilgan. Rossiyadagi vositachilar sifatida Mixail Pereplesnin va Esen Aydogdiyev (hozirda Turkmanistonning AQSHdagi, o‘sha paytda esa Rossiyadagi elchisi) ko‘rsatilgan. Masalani Ashxoboddan shaxsan Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov nazorat qilgan.
Live
Barchasi