Turkmaniston aholisiga “Do‘zax darvozasi”ga yaqinlashish taqiqlandi
Olam
−
25 noyabr 2021
29593Turkmaniston aholisiga Qoraqum cho‘lidagi Darvaza gaz krateriga yaqinlashish taqiqlandi. Sayyohlar esa faqatgina maxsus ruxsat bilan tashrif buyurishi mumkin. Bu haqda “Xronika Turkmenistana” nashri xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, ilgari Darvazaning qo‘shni qishlog‘i aholisi tez-tez kraterga mehmonlar olib kelishgan, qishda esa cho‘ponlar issiqroq bo‘lishi uchun bu yerga qo‘y suruvlarini haydab kelishgan.
Endilikda politsiya xodimlari u yerda postlar o‘rnatib, fuqarolarga “Do‘zax darvozasi”ga yaqinlashishni taqiqladi. Ular bunday cheklovni gaz chiqindilari inson hayotiga xavfli ekani bilan izohladilar.
Shu bilan birga, taqiq sayyohlarga taalluqli emas. Ular hali ham diqqatga sazovor joylarga tashrif buyurishlari mumkin, lekin faqat guruh bo‘lib va “Turkmensayohat” davlat turizm korporatsiyasining maxsus ruxsati bilan.
Ma’lumot o‘rnida, Darvaza krateri 1971 yilda yer osti gazlari to‘plangan joyda paydo bo‘lgan. Krater o‘rnida oldin neft platformasi bor edi, lekin u yer osti bo‘shlig‘iga cho‘kib ketgan. Kraterdan chiqayotgan gaz odamlar va chorva mollarini zaharlayotganini oldini olish uchun hukumat unga o‘t qo‘yishga qaror qilgan. Kraterdagi yong‘in bir necha kundan keyin o‘chadi deb taxmin qilingan, ammo olov 50 yildan beri yonishda davom etmoqda.