Bangkokda yo‘l cho‘kib ketib, katta krater hosil bo‘ldi (video)
Olam
−
25 Sentabr 6564 1 daqiqa
Kecha, 24 sentyabr kuni Tailand poytaxti Bangkok shahrida yer o‘pirilishi oqibatida yo‘l cho‘kib, katta chuqur paydo bo‘ldi. Bu haqda “The Independent” xabar berdi.
“Bangkokdagi shifoxona binosi oldida 50 metr chuqurlikdagi cho‘kish yuz berdi. Oqibatda avtomobillar va elektr ustunlari yer ostiga quladi. Hodisa shaharliklarni larzaga soldi. U yaqin atrofda qurilayotgan metro stansiyasi bilan bog‘liq”, deyiladi xabarda.
Guvohlar hodisani videoga olgan. Kadrlarda yo‘l tezlik bilan cho‘kib ketayotgani ko‘rinadi. Bundan tashqari, hosil bo‘lgan chuqurga ustunlar ham qulab tushgan. Videoda hodisa vaqtida odamlar mashinalarini tashlab ketayotgani va uzoqroqqa qochishga uringani ham aks etgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea oqibatida quvurlar ham yorilib ketgan. Shu sababli hokimiyat shifoxona binosi atrofidagi yo‘llarni yopishga va bemorlarni evakuatsiya qilishga majbur bo‘lgan. Shahar gubernatori Chadchart Sittipuntning so‘zlariga ko‘ra, hech kim jabrlanmagan, ammo uchta avtomobil shikastlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ayni kunlarda kuzatilayotgan kuchli to‘fon ortidan Tayvanning Xualyan tumanida to‘g‘on yorilishi oqibatida kamida 14 kishi halok bo‘lgandi. Xualyan shahridagi ko‘chkilar tufayli hosil bo‘lgan ko‘l Ragasa to‘foni olib kelgan kuchli yog‘ingarchilik sababli qirg‘og‘idan toshib ketgan va Guanfou qishlog‘ini suv bosib, oqim qishloqni vayron qilgan.
Live
Barchasi