Turkiyadagi zilzila siyosiy vaziyatni ham tebratib yubordi

Olam

Joriy yilning 6 fevral kuni Turkiyada ro‘y bergan zilzila saylov oldida turgan mamlakat vaziyatini murakkablashtirdi. Shundan so‘ng bir necha jamoat faollari tomonidan Turkiyada saylovlarni kechiktirish bo‘yicha takliflar berildi. Biroq bu bo‘yicha rasmiy ma’lumotlar hali aniq emas. Muxolifat hokimiyatni korrupsiya va aholini himoya qila olmaslikda ayblamoqda. 

Turk telekanallaridagi jonli efirlarda qulagan ko‘p qavatli turar joylar xuddi buklangan qog‘ozga o‘xshaydi. Butun qolgan binolarda ham tektonik yoriqlar soni juda ko‘p. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Turkiyada 32 mingga yaqin odam halok bo‘ldi. Bu hali yakuniy ko‘rsatkich emas. Mutaxassislar qurbonlar soni 100 mingga yetishi mumkinligini bashorat qilmoqda. 

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, tabiiy ofat zonasida 23 millionga yaqin odam bo‘lgan. Shulardan 1,4 million nafari bolalarni tashkil etadi. Qahramonmarash shahrida butun bir blok yer bilan bitta bo‘lgan. 

G‘oziantep viloyatining Nur shahri zilzilalar tufayli butunlay vayron bo‘ldi. Kataklizm (global falokat)lar vaqtida aholi punkti sezilarli darajada shikastlangan.

“Turkiya ulkan falokatni boshdan kechirdi. Biz shaharsozlik vaziri bilan birgalikda qaror qabul qildik: vayronalarni olib tashlaymiz, shahar butunlay qayta quriladi”, deydi Shirnak gubernatori vazifasini bajaruvchi Usmon Bilgin. 

Siyosatchining qo‘shimcha qilishicha, faqat bitta uy qulagan joyning o‘zida 150 kishining jasadi topilgan. Ayni damda vayronalar ostida odamlar topilishi mumkin bo‘lgan oxirgi 8 ta uyda qidiruv-qutqaruv operatsiyasi davom etmoqda. 

Mamlakatda talon-torojlik ham avj oldi. Zilzila qurbonlariga yordam berayotgan qutqaruvchilar talonchilar tufayli mamlakatni tark eta boshladi. Turkiya Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bu holat tabiiy ofatdan keyin shahar ko‘chalarida faollashgan. Odamlar do‘konlarni talon-toroj qilib, qurbonlardan qimmatbaho narsalarni olmoqda.Qayd etilishicha, Isroilning “Yunayted Hatzalah” qidiruv-qutqaruv guruhi olti kunlik muddatdan so‘ng guruhga nisbatan xavfsizlikka jiddiy tahdid mavjudligi sababli Turkiyani tark etgan. Ikki nemis yordam tashkiloti ham Turkiyadagi qutqaruv ishlarini xavfsizlik nuqtai nazaridan va odamlar guruhlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar hamda otishmalar sababli to‘xtatgan.

Xalqaro Qizil Xoch va Qizil yarim oy jamiyati dunyo mamlakatlarini jabrlanganlarga yordam berish uchun 200 million shvetsariya franki (taxminan 216 mln AQSH dollari) ajratishga chaqirdi. Hozirda Turkiyaga 70 davlat va 14 tashkilot yordam bermoqda.  

Mamlakat tadbirkorlar konfederatsiyasi va respublikadagi ishbilarmon doiralar vakillarining hisob-kitoblariga ko‘ra, Turkiyadagi zilzilalar oqibatida mamlakatga 84 milliard dollardan ortiq zarar yetgan.

Tarixchi va siyosatshunos Iqbol Dyurrening fikricha, endi bu zararni qoplash uchun asosan g‘arb davlatlariga suyanish kerak bo‘ladi.

“Vaziyatni yaxshilash uchun pulni qayerdan olish kerak? G‘arb davlatlarida bunga imkoniyat ko‘proq. Buning natijasida yaqin kelajakda Anqaraning tashqi siyosati “g‘arbparast” bo‘lib ketishini kuzatish mumkin”, deydi Dyurre. 

Ma’lumot uchun, kelgusidagi saylovlarda ikki koalitsiya – Erdo‘g‘an va muxolifat to‘qnash kelishi kutilmoqda. Raqobat shiddatli va tahlikali bo‘ladi. Xususan, o‘tgan yil oxirida Prezidentning asosiy raqiblaridan biri, Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘li 2019 yilda saylovda Markaziy saylov komissiyasi a’zolarini haqorat qilgani ortidan sud uni ikki yarim yilga ozodlikdan mahrum qilish to‘g‘risida qaror chiqardi, ammo qaror hozircha kuchga kirgani yo‘q. Ayni vaqtda mamlakatda siyosiy kurash avj olmoqda.

Iqtidordagi “Adolat va taraqqiyot” partiyasi va amaldagi davlat rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘anning asosiy muxolifatchisi – “Jumhuriyat Xalq” partiyasi raisi Kamol Qilichdoro‘g‘li zilzila sodir bo‘lgan kuni hududlarga borib, videomurojaat yo‘lladi. U o‘z so‘zida zilzila oqibatlariga nisbatan vaqtida choralar ko‘rmagani uchun Erdo‘g‘an va uning partiyasini ayblab, endi, hatto qamoq unga xavf solsa ham Erdo‘g‘anning qarorlariga bo‘ysunmasligini bildirdi. Bosh tomondan jamoatchilik va muxolifat Hukumatdan 1999 yilda joriy qilingan va bugungacha 36 milliard jamg‘arilgan zilzila solig‘i nimalarga sarflangani bo‘yicha hisob so‘ramoqda.

Umida Imomxo‘jayeva


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Turkiyadagi zilzila

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing