Turkiyadagi vayronalar ostidan o‘zbekistonlik fuqaro tirik topildi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Turkiyadagi zilzila sodir bo‘lgan hududlarda yana bir o‘zbekistonlik vayronalar ostidan qutqarildi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulligi xabar berdi. 

Qayd etilishicha, Qahramonmarash viloyatida bedarak yo‘qolgan o‘zbekistonlik Rashid Anvar o‘g‘li Boybekov topilgan. 

“Qutqaruvchilar tomonidan vayronalar ostidan olib chiqilgan vatandoshimiz hozirda “Şütçü İmam Üniversitesi Tıp Fakültesi” shifoxonasiga joylashtirilgan va ilk yordam ko‘rsatilmoqda”, deyiladi Bosh konsullik bayonotida. 

Eslatib o‘tamiz, kecha, 7 fevral kuni Turkiyadagi tabiiy ofat oqibatida 1 nafar o‘zbekistonlik fuqaro vafot etgani,  15 nafar fuqaro qidirilayotgan, ulardan 2 nafari bilan aloqa o‘rnatilib, 13 nafarini qidiruv ishlari davom etayotgani xabar qilingan edi. 

6 fevral kuni Turkiyaning janubi-sharqida (mahalliy vaqt bilan 04:17 da – 7,7 ball va 13:24 da – 7,6 ball) magnitudasi yetti balldan ortiq bo‘lgan ikkita zilzila sodir bo‘ldi. 

Turkiya janubi-sharqida sodir bo‘lgan dahshatli zilzila qurbonlari soni 5 mingdan oshdi. 

Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an Turkiyada tabiiy ofat munosabati bilan yetti kunlik milliy motam e’lon qildi. Turkiya davlat bayroqlari butun mamlakat bo‘ylab yarimga tushirildi. 

Vayronkor zilzila qo‘shni mamlakatlarda, jumladan Suriya, Livan, Shimoliy Kipr Turk Respublikasi, Gretsiya Kipr va Iroqda ham sezildi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiyadagi zilzila

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing