Turkiyadagi o‘zbekistonliklar ogohlantirildi

Olam

image

So‘nggi kunlarda Istanbul shahrida turli norozilik namoyishlari va ommaviy yig‘ilishlar o‘tkazilmoqda. Shu sababli O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi ogohlantirish bilan chiqdi.

Qayd etilishicha, Turkiya huquq-tartibot idoralari ijtimoiy tarmoqlarda provokatsion postlar joylashtirgan 261 kishini aniqlagan va 37 kishini hibsga olgan. Shu sababli, ijtimoiy tarmoqlarda har qanday xabar yoki fikr bildirishda juda ehtiyot bo‘lish zarur.

Xavfsizlikni ta’minlash uchun quyidagilarga amal qilish kerak:

  • Har qanday norozilik namoyishlari, mitinglar va ommaviy yig‘inlardan uzoqroq bo‘lish;
  • Odam gavjum joylarga bormaslik va harakatlanish yo‘nalishini oldindan rejalashtirish;
  • Ijtimoiy tarmoqlarda ehtiyotkorlik bilan harakat qilish, provokatsion xabarlar joylashtirmaslik va tarqatmaslik;
  •  Rasmiy xabarlarga e’tibor berish va vaziyat bo‘yicha yangiliklarni kuzatib borish;
  •  Favqulodda holatlarda Bosh konsulxona bilan bog‘lanish.

“Sizning xavfsizligingiz biz uchun muhim! Iloji boricha ehtiyot bo‘ling va huquq-tartibot idoralarining ko‘rsatmalariga rioya qiling”, deyiladi xabarda.

Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olinishi

19 mart kuni tongda Istanbul hokimi va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning asosiy siyosiy raqibi Ekrem Imomo‘g‘li hamda uning 106 tarafdori hibsga olingandi. Ular Kurd harbiy-siyosiy tashkiloti PKKga ko‘maklashish hamda boshqa noqonuniy harakatlarda ayblanmoqda.

Mazkur voqealar yuzasidan Turkiya Adliya vaziri Yilmaz Tunch tegishli bayonotini e’lon qildi. Uning ma’lum qilishicha, Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan olib borilayotgan tergov harakatlari doirasida 106 nafar gumonlanuvchiga, jumladan, Istanbul shahar hokimiga nisbatan bugun ertalab hibsga olish to‘g‘risida qarorlar chiqarilgan. Bildirilishicha, Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan 2 ta tergov harakatlari olib borilmoqda. Shuningdek, Istanbul Bosh prokuraturasining bayonotidan ma’lum bo‘lishicha, tergov materiallari orasida MASAK (Moliyaviy jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi) hisobotlari, soliq ekspertizasi xulosalari, depozitlar haqida hisobotlar, guvohlarning bayonotlari va boshqa dalillar mavjud.

Turkiya Prezidenti devoni Kommunikatsiyalar boshqarmasi rahbari Faxriddin Altun esa Ekrem Imomo‘g‘li hibsga olingani ortidan davlat rahbariga nisbatan tuhmat va bo‘htonlar aytilayotganini bildirdi. U sud organlarining mustaqilligiga putur yetkazish, shuningdek, Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anga daxl qilish, mafkuraviy tuhmat harakatlariga qarshi qarshi ekanini ma’lum qilgan.

Istanbul shahri talabalari Imomo‘g‘lining hibsga olinishiga qarshi namoyishga chiqdi. Turkiyaning asosiy muxolifatdagi Jumhuriyat xalq partiyasi (JXP) yetakchisi O‘zg‘ur O‘zel 86 millionlik respublika aholisini kelasi yakshanba, 23 mart kuni Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olinishiga qarshi ko‘chalarga chiqishga chaqirdi. JXP a’zolari o‘zlarining partiyadoshlarining hibsga olinishiga norozilik sifatida minbarga to‘planib, parlament Bosh assambleyasi ishini to‘sib qo‘yishdi.


Maqola muallifi

Teglar

Istanbul ogohlantirish Ekrem Imomo'g'li

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing