Turkiyadagi ofat zonasidan necha tonna axlat chiqishi aytildi
Olam
−
17 fevral 2023
9034Turkiyadagi ofat hududida tozalanishi kerak bo‘lgan vayronalar hajmi 100 million tonnaga yetishi mumkin. Gap zilzila oqibatida vayron bo‘lgan binolar yoki buziladigan uylar haqida bormoqda.
Ayni paytda Turkiyaning janubi va janubi-sharqidagi bir qator viloyatlarda uy-joy fondi monitoringi davom etmoqda, vayron bo‘lgan uylar vayronalarini tozalash ishlari boshlandi.
Buzuvchi pudratchilar uyushmasining sobiq rahbari, “MAB Yıkım” boshqaruv kengashi raisi Mehmet Ali Bulut “Anadolu” bilan kelgusidagi ishlar ko‘lami haqida o‘z bahosini o‘rtoqlashdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda Turkiyada “buzuvchi pudratchi” sertifikatiga ega 480 ta kompaniya bor. Tegishli sertifikatlashdan hali o‘tmagan yoki umuman sertifikat olish uchun ariza bermagan kompaniyalarni hisobga olsa, qurilish firmalarining soni 2 mingga yetishi mumkin.
Uning qayd etishicha, ofat zonasida buzib tashlanadigan binolar ko‘p.
“Binolarni odatiy usullar bilan tezda buzish mumkin emas. Buzilish jarayoni ikki yilgacha davom etishi mumkin. Albatta, portlovchi moddalarni qo‘llash orqali jarayonni tezlashtirish mumkin, ammo mamlakatimizda bunday mutaxassislar yetarli emas”, deydi Bulut.
“MAB Yıkım” rahbari uylarni buzish jarayonida xodimlar va yaqin atrofdagi uylar aholisi uchun xavfsizlik choralari alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Shu bilan birga, u vayronalar orasida to‘plangan temirni qayta ishlashga jo‘natish mumkinligini ta’kidlagan.
“Biz bir gramm temirni ham tashlamasligimiz kerak. Hamma narsani iqtisodiyotga qaytarish kerak. Rasmiylar allaqachon 61 722 ta binoni buzish rejalarini e’lon qilishgan, bu 89 million tonna vayronalarni tozalash degani. Gap vayron bo‘lgan binolar bilan birgalikda 100 million tonna haqida bormoqda. Iqtisodiyotga 6 milliard 600 million lira daromad keltirishi mumkin bo‘lgan 1 million 750 ming tonna metall parcha sifatida olinishi mumkin. Tabiiy ofat hududidan chiqindi miqdori 660 ta stadionni to‘liq to‘ldirishga yetadi”, deydi Bulut.
Eslatib o‘tamiz, 6 fevral kuni Turkiyada 7 balldan ortiq (mahalliy vaqt bilan soat 04:17 da – 7,7 ball va 13:24 da – 7,6 ball) bo‘lgan ikkita zilzila sodir bo‘ldi.
Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an Turkiyada tabiiy ofat qurbonlari munosabati bilan yetti kunlik milliy motam e’lon qildi. Turkiya davlat bayroqlari butun mamlakat bo‘ylab yarimga hilpiratildi.
Vayronkor zilzila qo‘shni mamlakatlarda, jumladan Suriya, Livan, Shimoliy Kipr Turk Respublikasi, Kipr Respublikasi va Iroqda ham sezildi.
LiveBarchasi