Turkiyada yuz minglab odamlar norozilik namoyishlariga chiqdi (video)
Olam
−
22 mart
9796Kecha, 21 mart kuni Turkiyaning Istanbul, Anqara va Izmir kabi katta shaharlaridagi ko‘chalarga yuz minglab odamlar yig‘ilib, so‘nggi o‘n yillikdagi eng yirik norozilik namoyishlarini o‘tkazdi. Bu haqda NTV xabar berdi.
Turkiyada namoyishlar taqiqlangan bo‘lsa-da, Istanbul shahri hokimi Ekrem Imomo‘g‘li hibsga olinganidan buyon uch kun davomida noroziliklar kuchayib bormoqda. Bu hodisa 2027 yilda o‘tkazilishi kutilayotgan prezidentlik saylovlari oldidan sodir bo‘lmoqda. O‘sha saylovlarda Imomo‘g‘li muxolifatdagi Jumhuriyat xalq partiyasi nomzodi sifatida mamlakat Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anga kuchli raqib bo‘lishi mumkin.
Erdo‘g‘an namoyishlar fonida hukumat “vandalizm” va “ko‘cha terrori” oldida taslim bo‘lmasligini ta’kidlagan va “jamoat tartibini buzishga yo‘l qo‘yilmasligini” aytgan.
Istanbul hokimligi binosi oldida yig‘ilgan namoyishchilarga Jumhuriyat xalq partiyasi yetakchisi O‘zg‘ur O‘zel murojaat qilgan.
“Bu partiya mitingi emas. Bu yerda barcha siyosiy kuchlardan odamlar bor. Ular Imomo‘g‘li bilan birdamlik bildirish va demokratiyani himoya qilish uchun yig‘ilishdi”, degan u.
O‘zel Erdo‘g‘anni “adliyani siyosiy qurol sifatida ishlatayotganlikda” ayblab, “biz bunga yo‘l qo‘ymaymiz” deb ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Erdo‘g‘an namoyishlardan qo‘rqmoqda.
To‘qnashuvlar Anqara va Izmirda ham kuzatilmoqda. Politsiya namoyishchilarga qarshi suv purkagichlar va ko‘zni yoshlantiruvchi gaz ishlatgan.
Izmir shahrida namoyish va marsh yurishi taqiqlanganiga qaramay, noroziliklar davom etmoqda. Politsiya maxsus mashinalar bilan suv purkab va ko‘zdan yosh chiqaruvchi gaz ishlatib, namoyishchilarga qarshi choralar ko‘rgan.
Istanbulda namoyishchilar Sarachxane hududidagi shahar hokimligi binosi oldida yig‘ilgan. Ularni tarqatish uchun vaqti-vaqti bilan ko‘zdan yosh chiqaruvchi gaz ishlatilgan. Ba’zilar shahar hokimligi binosiga kirishga harakat qilgan, biroq xavfsizlik xodimlari bunga yo‘l qo‘ymagan. Shundan so‘ng, namoyishchilar binoning oynalarini sindirgan.
Anqarada namoyishchilar O‘rta Sharq texnik universiteti oldida to‘plangan. Ular bannerlar ko‘tarib, shiorlar aytib, politsiyaga qarshilik ko‘rsatgan. Ba’zi namoyishchilar politsiyaga yonuvchi moddalar uloqtirgan. Bir guruh odamlar esa Eskishahar yo‘lini to‘sgan, oqibatda Qiziloy tomonga harakat qisqa vaqtga to‘xtab qolgan. Ba’zi avtomobillar harakatni davom ettirish uchun qarama-qarshi yo‘nalishga chiqqan. Turli joylarda politsiyaga to‘qmoq va toshlar uloqtirilgan, oqibatda uch nafar politsiya xodimi jarohat olgan.
Antaliya shahrida ham Imomo‘g‘li hibsga olinishi ortidan namoyishchilar va politsiya o‘rtasida keskinlik yuzaga kelgan. Kechki soatlarda Akdeniz universiteti kampusida yig‘ilgan talabalar tashqariga chiqib, yurish o‘tkazmoqchi bo‘lgan. Biroq kampusdan chiqqan namoyishchilar va universitet darvozasi oldida to‘plangan guruhga politsiya maxsus mashina bilan suv purkab, vaziyatga aralashgan. To‘qnashuv vaqtida 30 ga yaqin kishi hibsga olingan.
Turkiya Ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoya X ijtimoiy tarmog‘ida 97 nafar namoyishchi va internetda zo‘ravonlikka da’vat qilganlikda gumon qilingan 54 kishining hibsga olinganini e’lon qildi. To‘qnashuvlarda 16 politsiyachi jarohatlangan.
“Bizning politsiyamiz kechayu kunduz mamlakatimizda tinchlikni himoya qilmoqda”, dedi vazir.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 21 mart kuni “Jumhuriyat xalq” partiyasi yetakchisi O‘zg‘ur O‘zel butun Turkiya aholisini iftorlikdan so‘ng, ko‘chaga chiqishga va namoyishlar o‘tkazishga chaqirgandi. Erdo‘g‘an esa davlat “ko‘cha terroriga” taslim bo‘lmasligini ta’kidlagan va Turkiyaning “ko‘chadan topib olinmaganini” aytgandi.
Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olinishi
19 mart kuni tongda Istanbul hokimi va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning asosiy siyosiy raqibi Ekrem Imomo‘g‘li hamda uning 106 tarafdori hibsga olingandi. Ular Kurd harbiy-siyosiy tashkiloti PKKga ko‘maklashish hamda boshqa noqonuniy harakatlarda ayblanmoqda.
Mazkur voqealar yuzasidan Turkiya Adliya vaziri Yilmaz Tunch tegishli bayonotini e’lon qildi. Uning ma’lum qilishicha, Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan olib borilayotgan tergov harakatlari doirasida 106 nafar gumonlanuvchiga, jumladan, Istanbul shahar hokimiga nisbatan bugun ertalab hibsga olish to‘g‘risida qarorlar chiqarilgan. Bildirilishicha, Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan 2 ta tergov harakatlari olib borilmoqda. Shuningdek, Istanbul Bosh prokuraturasining bayonotidan ma’lum bo‘lishicha, tergov materiallari orasida MASAK (Moliyaviy jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi) hisobotlari, soliq ekspertizasi xulosalari, depozitlar haqida hisobotlar, guvohlarning bayonotlari va boshqa dalillar mavjud.
Turkiya Prezidenti devoni Kommunikatsiyalar boshqarmasi rahbari Faxriddin Altun esa Ekrem Imomo‘g‘li hibsga olingani ortidan davlat rahbariga nisbatan tuhmat va bo‘htonlar aytilayotganini bildirdi. U sud organlarining mustaqilligiga putur yetkazish, shuningdek, Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anga daxl qilish, mafkuraviy tuhmat harakatlariga qarshi ekanini ma’lum qilgan.
Istanbul shahri talabalari Imomo‘g‘lining hibsga olinishiga qarshi namoyishga chiqdi. Turkiyaning asosiy muxolifatdagi Jumhuriyat xalq partiyasi (JXP) yetakchisi O‘zg‘ur O‘zel 86 millionlik respublika aholisini kelasi yakshanba, 23 mart kuni Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olinishiga qarshi ko‘chalarga chiqishga chaqirdi. JXP a’zolari o‘zlarining partiyadoshlarining hibsga olinishiga norozilik sifatida minbarga to‘planib, parlament Bosh assambleyasi ishini to‘sib qo‘yishdi.
LiveBarchasi
Do‘rmonga o‘t ketdi.
20:26
Trenddagilar



