Turkiyada yana zilzila: u “tiz cho‘kishi” mumkin

Olam

image
Asr fojiasi north_east

Asr fojiasi

Diqqat, ZILZILA! Yer qimirlaganda nima qilish kerak? north_east

Diqqat, ZILZILA! Yer qimirlaganda nima qilish kerak?

Bugun, 23 aprel kuni mahalliy vaqt bilan soat 12:49 da Turkiyaning Istanbul shahrida 6,2 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Aholi orasida katta vahima uyg‘otgan bu galgi zilzila Turkiya Favqulodda vaziyatlar va tabiiy ofatlar boshqarmasi bergan ma’lumotga ko‘ra, taxminan 10 soniya davom etgan. U Silivri tumani sohilida sodir bo‘lgan. 

Zilzila qo‘shni viloyatlarda ham sezilgan. Zilzila epimarkazi 6,99 kilometr chuqurlikda joylashgan. Biroq mahalliy nashrlarning yozishicha, ayni vaqtda ham zilzilalar takrorlanishi tugaganicha yo‘q. Misol uchun, birinchi zilziladan keyin magnitudasi 3,1 dan 4,9 gacha bo‘lgan o‘nta aftershok qayd etilgan.

Bu zilzila kutilgan edi. Negaki bundan ancha oldin – 2023 yilning fevral oyida Turkiyaning janubi-sharqida yuz bergan magnitudasi 7,7 va 7,6 bo‘lgan ikkita kuchli zilzila va buning oqibatida ko‘plab odamlar halok bo‘lishi ortidan mamlakatda zilzila xavflaridan ogohlantirish va favqulodda holatlarga tayyorgarlik ishlari boshlab yuborilgandi. Xususan, Turkiyaning yetakchi seysmologi Naji Go‘ryur Marmar dengizi hududida bo‘lishi mumkin bo‘lgan zilzila oqibatida qariyb 4 million kishining hayoti xavf ostida qolishi mumkinligi haqida ma’lum qilgandi. O‘tgan yilning avgust oyida Turkiya Atrof-muhit, urbanizatsiya va iqlim o‘zgarishi vaziri Murat Kurum agar Istanbulda zilzila sodir bo‘lsa, dastlabki daqiqalarida 600 ming uy qulash xavfi ostida qolishi va taxminan 2,5 million kishi jiddiy xavf ostida yashayotgani haqida so‘z ochgandi.

Naji Go‘ryur megapolisning 4 millionga yaqin aholisi mumkin bo‘lgan zilzila oldida o‘limga yuzma-yuz kelayotgani, moddiy yo‘qotishlarni tasavvur qilib bo‘lmasligini aytgandi. U ta’kidlaganidek, Istanbuldagi eng nufuzli muassasalar ham shahardagi binolarning 60 foizdan ortig‘i zilzilalarga chidamli emasligini da’vo qilmoqda. Go‘ryur Marmar dengizi mintaqasi qulab tushsa, butun Turkiya “tiz cho‘kishi”ni eslatgandi.

Joriy yilning fevral oyida esa Turkiyaning Bodrum hududida Egey dengizida davom etayotgan zilzilalar fonida ehtimoliy sunami haqida ogohlantirish uchun sirena tizimi o‘rnatildi. Odamlarni ogohlantirish tizimi Sefirixisar, Didim va Datcha qirg‘oq hududlarida ham o‘rnatilgandi.

“The New York Times”ning o‘sha paytlari e’lon qilingan maqolasida Egey dengizida joriy yilning yanvar oyi oxiridan beri zilzilalar davom etayotgani, tebranish ayniqsa, Gretsiyaning Santorini (Tira) orolida sezilayotgani, so‘nggi bir hafta ichida orolda yashovchi 15 ming kishidan 13 mingi uni tark etgani yozilgandi.

Istanbul meriyasining hisob-kitoblariga ko‘ra, 7,5 magnitudali zilzila sodir bo‘lsa, shaharda kamida 90 ming bino vayron bo‘ladi, 4,5 millionga yaqin fuqaro vaqtinchalik uy-joyga muhtoj bo‘lishi mumkin. Seysmologlar ham buni tasdiqlagan va 260 ming bino shikastlanib, yashash uchun yaroqsiz holga kelishini qo‘shimcha qilgan. Sug‘urta kompaniyalari zilziladan ko‘rilgan zarar 325 milliard dollardan oshishi mumkinligini taxmin qilmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, ikki yil oldin – 2023 yil 6 fevralda Turkiya janubi-sharqida magnitudasi 7,7 va 7,6 bo‘lgan ikkita kuchli zilzila sodir bo‘lgan edi. Ushbu tabiiy ofat oqibatida 53,5 mingdan ortiq odam halok bo‘ldi, yana 107 mingdan ortig‘i jarohat oldi. Bu zilzila 1939 yilda Arzinjondagi falokatdan keyingi eng yirik yer silkinishi sifatida qayd etildi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya zilzila

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing