Asr fojiasi
Tahlil
−
15 fevral
73352023 yilning 6 fevral kuni ertalab soat 04:17 da Turkiya aholisi daxshatli silkinishdan uyg‘ondi.
Epimarkazi Qahramonmarashda bo‘lgan 7.7 balli zilzila butun respublikaning 11 viloyatida sezildi. Shu kuni soat 13:24 larda ikkinchi 7.6 magnitudali zilzila kuzatildi
500 kilometrdan uzoqqa cho‘zilgan zilzila zonasida 50 mingdan ortiq kishi halok bo‘ldi, 110 mingdan ortiq odam jarohatlandi. Ularning orasida bolalar, ayollar, erkaklar, qariyalar bor. Hozir keltirayotgan statistikamiz oddiy sonlar kabi tuyulishi mumkin, ammo gap butun bir oilalarning hayotini haqida ketmoqda. Shuning uchun ham bu zilzila “Asr falokati” deb ataldi.
Tabiiy ofat bo‘lganiga 1 yildan oshgan bo‘lsada, uning daxshati hali ham hech kimning esidan chiqqani yo‘q. QALAMPIR.UZ Turkiya Prezidenti huzuridagi Kommunikatsiyalar boshqarmasi bilan zilziladan zarar ko‘rgan hududlarda bo‘ldi.
Safar davomidagi birinchi manzilimiz zilzila epimarkazi joylashgan Qahramonmarash viloyati edi.
Viloyat markazi tomon yo‘l olar ekanmiz, shaharda jiddiy shikastlangan binolarni ham, yangi qurilgan uylarni ham ko‘rdik. Shikastlangan binolarni ko‘rib, o‘sha mashum kunda uning ichidagi aholi qanday dahshatga tushganini tasavur qilish mumkin. Yangi qad rostlagan uylar esa bir yil davomida qilingan og‘ir mehnatning isbotidir.
Viloyat hokimligida bizga Qahramonmarashda bir yil davomida qilingan ishlar bo‘yicha atroflicha ma’lumot berildi.
“Turkmanistondan 10 nafar qutqaruvchidan iborat jamoa, 20 ming kilogram dori-darmon, 10 ming kilogram tibbiy mahsulotlar, 165 ming dollar hayriya va 9 tonna gumanitar yordam, Qirg‘izistondan 182 kishidan iborat qutqaruvchilar jamosi 627 ta chodir, 6 tonna gumanitar yordam va 2 448 000 dollar yordam, Qozoqistondan 98 nafar qutqaruvchi, 645 ta chodir, 150 ta portativ hojatxona, 316 tonna gumanitar yordam, O‘zbekistondan 100 nafar qutqaruvchi, 71 nafar tibbiyot xodimlari, 293 ta chodir, 576 tonna gumanitar yordam yuborildi.
Biz shunday yordamlarni qabul qildik. Bu bizga juda zarur edi. Buning uchun men shaxsan minnatdorchilik bildirmoqchiman”, deydi Turkiya Ichki ishlar vazirligi qoshida faoliyat yurituvchi hukumatning tabiiy ofatlarni boshqarish agentligi (AFAD)ning Qahramonmarash viloyati bo‘limi rahbari Tayfun Temur.
Tabiiyki, jurnalistlarni zilziladon omon qolgan aholining hozirgi hayoti qiziqtirardi. Uyidan ayrilgan fuqarolar hozirda konteynerlardan barpo etilgan shaharchalarda yashamoqda. Bu yer garchi ularning oldingi uyidek bo‘lmasada, odamlarga iloji boricha sharoit yaratilgan. Xususan konteynerlarda bolalar uchun maktab va kutubxonalar tashkil etilgan, o‘yin maydonchalari qurilgan.
“Davlat tomonidan konteynerlar berildi. Endi uy ham berishadi”, deydi mahalliy aholi vakillaridan biri.
Shu yilning 6 fevral kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Qahramonmarashda bo‘lib, konteynerlarda yashayot aholiga (Ommaviy uy-joy qurish boshqarmasi) TOKI qurib bergan yangi uylarning kalitini topshirgan. Ma’lum qilinishicha, barcha xonadonlar qura tashlash yo‘li bilan berilmoqda. QALAMPIR.UZ nega uylar bu yo‘l bilan berilayotganiga qiziqdi.
“Aholida kvartira tanlovida turli noroziliklar bo‘lmasligi uchun, ya’ni nega mening uyim katta yo‘ldan uzoqda, nega mening xonadonim shimolga qaragan, janub emas kabi tushunmovchiliklardan qochish maqsadida shunday qilindi” deydi TOKI xarita muhandisi Tufan Gumush.
E’tiborimizni tortgan jihatlardan biri, yangi uylarning tog‘li hududda qurilgani bo‘ldi. Bizga ma’lum qilishlaricha, tog‘li hududda tuproq zich bo‘lgani bois uylarning zilziladan zarar ko‘rish darajasi pasayadi. Shuning uchun ham yangi uylarni barpo etish uchun aynan tog‘li hududlar tanlangan.
Keyingi manzilimiz Adiyaman viloyati.
Adiyaman viloyatida yangi qurilgan ko‘p qavatli uylar va konteyner shaharchalardan tashqari, qishloq kottejlari shaklida qurilgan mahallani ham ko‘rdik. Bu uylarda bir oila uchun yetarli sharoitlar mavjud. Biroq aholi tabiiy gaz bilan ta’minlanmagan. Uylarga ko‘chib o‘tganlar suyultilgan gazdan foydalanishi kerak bo‘ladi.
Ko‘p qavati uylarning ham bir qismi qurib bitkazilgan va tez orada ularga yangi egalari ko‘chib o‘tadi.
“Uylarni ko‘rdik. Tashqaridan ko‘p odamlar uylarni kichkina ekanini aytyapti. Aslida unday emas. Bu joylar biz uchun Jannatdek. Oshxona deysizmi, hammom yoki hojatxona – uyda hamma narsa bor. Birinchi navbatda, boshimizni yostiqqa qo‘yib, xotirjam uxlay oladigan uyga ega bo‘lamiz. Davlatimga rahmat aytaman. Biz juda ham mamnun bo‘ldik.
Hozirgi vaqtda katta konteynerda oilamiz bilan birga yashayapmiz. Nabiralarni parkka olib boramiz. Bu uylarda nasib qilsa, yashaymiz. Juda yaxshi, bundan ortig‘i bo‘lmaydi. Hukumat o‘laroq shunchalik ishlar qilishyapti. Bundan ortig‘i bo‘lmaydi”, deydi yangi uylarni ko‘rishga kelgan otaxon.
Uylar 20 yil muddatga foizsiz kredit asosida beriladi va uy egalari dastlabki ikki yil davomida to‘lovdan ozod qilinadi.
Oxirgi manzilimiz Malatya
Malatyada rasmiylari bizni hokimyat binosida emas, kutubxonada qabul qilishdi. Buning sababi esa bir yil oldingi zilzilada hokimyat binosining ham vayron bo‘lgani edi.
Malatya hokim Ersin Yazijining aytishicha boshqa viloyatlar kabi zilzilada uylari qulagan Malatya aholisi va 16-17 ming suriyaliklar kontener shaharchada yashamoqda.
“Malatyaning yarasi hali yangi. Juda katta zarba oldi. Yeri nam bo‘lgani uchun ham bu zarba kuchli ta’sir qildi. Buzilgan va buziladigan binolar hali juda ham ko‘p. Hamma narsa ko‘rganingizdek emas. Malatya xalqiga dastak bo‘lib, shahrimizni yangidan barpo etishlarini istaymiz.
Bizga yordam berishyapti, ammo, bundanda ko‘proq yaxshiroq bo‘lishini istaymiz. Hammasi o‘tadi. Juda ko‘p muammolarimiz bor edi. Allohga shukur, hozir ancha yaxshi bo‘ldi. Boshpanamiz, oziq-ovqatimiz, hamma narsamiz bor. Turk millati har doim bir butun, u yiqilmaydi”, deydi mahalliy aholi vakili.
Xulosa qilib aytganda, 2023 yil Turkiya uchun og‘ir boshlandi va o‘g‘ir o‘tdi. Zilzila oqibatlarini bartaraf etish esa bu yil ham davom etmoqda. Tabiiy ofat ko‘pchilikni yostig‘ini quritdi va uysiz qoldirdi. Biroq hayot davom etmoqda. Nima bo‘lgan taqdirda ham oldinga intilish va rivojlanish kerak.
LiveBarchasi