Turkiyada yana 33 kishi qalbaki alkogoldan halok bo‘ldi
Olam
−
07 fevral 4714 2 daqiqa
Turkiyaning poytaxti Anqara shahrida qalbaki spirtli ichimliklar tufayli 33 kishi hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda Anqara gubernatori Vasip Shaxin ma’lum qildi.
Gubernator ma’lumotlariga ko‘ra, qalbaki spirtli ichimliklar ta’sirida 33 nafar odam vafot etgan va 20 kishi reanimatsiyada davolanmoqda.
“Afsuski, qalbaki spirtli ichimliklar iste’mol qilish oqibatida 33 nafar fuqaromiz hayotdan ko‘z yumdi. Kasalxonalarimizda 20 kishi reanimatsiyada davolanmoqda”, degan Anqara gubernatori.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu holatlar yuzasidan tekshiruv ishlari allaqachon boshlab yuborilgan.
“So‘nggi paytlarda viloyatimizda qalbaki spirtli ichimliklar tufayli jiddiy o‘lim holatlari kuzatilmoqda. Bularga qarshi kurashda huquq-tartibot idoralarimiz tomonidan qalbaki spirtli ichimliklar ishlab chiqarish orqali fuqarolarimiz hayotiga tahdid soluvchi shaxslarga nisbatan tekshiruvlar davom etmoqda”, degan u.
Qayd etilishicha, ushbu harakatlar natijasida 102 tonnaga yaqin etil va metil spirti musodara qilingan.
“Ularning 62 tonnasi bu yerda olib borilayotgan operatsiyalarimiz doirasida Dyuzdje va Konyadan olingan”, degan gubernator.
Shuningdek, gubernator Shaxin noqonuniy spirtli ichimliklar ishlab chiqarish va sotish bilan shug‘ullangan 32 kishiga nisbatan chora ko‘rilganini, ulardan 13 nafari qo‘lga olinib, 17 nafari esa sud nazorati sharti bilan qo‘yib yuborilganini ma’lum qilgan va fuqarolarni spirtli ichimliklar iste’mol qilmaslikka chaqirgan.
“Iltimos, spirtli ichimliklardan yiroq bo‘laylik. Spirtli ichimliklar sog‘lig‘imiz va kelajagimiz uchun zararli bo‘lgan moddadir. Ayniqsa, qalbaki spirtli ichimliklar hayotga tahdid soladi. Shuning uchun spirtli ichimliklar iste’mol qilinmasligi kerak, agar iste’mol qilinsa, vakolatli dilerlardan va ma’lum joylardan sotib olinishi kerak”, deya qo‘shimcha qilgan u.
Eslatib o‘tamiz, 30 yanvar kuni Turkiya hududida qalbaki spirtli ichimlik iste’mol qilish oqibatida zaharlangan O‘zbekiston fuqarolari soni 23 nafarga yetgandi. Ularning ikki nafari ayol kishi. Qolaversa, Istanbulda qalbaki spirtli ichimliklarni tayyorlash hamda tarqatish bilan shug‘ullanib kelgan ikki nafar Turkmaniston fuqarosi qo‘lga olingandi.