Turkiyada o‘zbekistonlik erkak 40 martalik umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi

Olam

image

Turkiya Oliy sudi Istanbuldagi Reyna tungi klubiga uyushtirilgan teraktni amalga oshirgan Abdulqodir Masharipovga nisbatan 2020 yilda chiqarilgan 40 martalik umrbod qamoq jazosi hukmini tasdiqladi. Sud ayblanuvchining iltimosnomalarini ko‘rib chiqib, hukm qonunga zid emas, degan qarorga kelgan. Bu haqda CNN Türk telekanali xabar berdi.

Sud hukmiga ko‘ra, Masharipov 39 kishini qasddan o‘ldirish va 79 kishini o‘ldirishga suiqasd qilishda aybdor deb topilgan. 2020 yil sentyabr oyida sud uni har bir moddaga ko‘ra 40 martalik og‘irlashtirilgan umrbod qamoq jazosiga va qo‘shimcha ravishda 1 368 yil qamoq jazosiga hukm qilgan. Oliy sud terakt ishi bo‘yicha turli muddatlarga hukm qilingan yana 31 mahkumning shikoyat arizalarini ham ko‘rib chiqib, ularning hukmlarini o‘zgarishsiz qoldirgan.

Ma’lumot uchun, 2017 yilning 1 yanvariga o‘tar kechasi Istanbulning Ortako‘y tumanidagi Reyna tungi klubida sodir etilgan terakt oqibatida 39 kishi halok bo‘lgan, ularning 16 nafari xorijlik edi. Qurbonlar orasida Rossiya, Iordaniya, Marokash, Saudiya Arabistoni, Livan, Liviya hamda Isroil fuqarolari bo‘lgan.

Teraktni o‘zbekistonlik Abdulqodir Masharipov amalga oshirgani aniqlanib, u ko‘p o‘tmay Istanbul tumanlaridan birida qo‘lga olingan. Ushbu hujum uchun javobgarlikni “Islom davlati” xalqaro terrorchilik tashkiloti o‘z zimmasiga olgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistonning O‘sh viloyatida 28 yoshli O‘zbekiston fuqarosi ijtimoiy tarmoqlar orqali ekstremistik materiallarni tayyorlash va tarqatishda gumonlanib qo‘lga olingan edi. Internetni monitoring qilish va tahlil qilish bo‘yicha olib borilgan tezkor tadbirda o‘z sahifalarida ekstremistik va terroristik mazmundagi materiallarni e’lon qilgan TikTok va Instagram platformalarining faol foydalanuvchisi haqida ma’lumotlar olindi.

Ekspertiza materiallari mamlakat hududida taqiqlangan “Islom davlati” xalqaro terrorchilik tashkilotiga tegishli ekanini ko‘rsatgan.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya o'zbekistonlik umrbod qamoq

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing