Turkiyada karantin choralari nega natija bermadi? Hukumat qayerda xato qildi? Akmal Burxonov bilan suhbat

Intervyu

Yaqinda QALAMPIR.UZ’da koronavirus infeksiyasi tarqalishi bo‘yicha vaziyat Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo mamlakatlar miqyosida tahlil qilingan edi. Ushbu kengashga a’zo mamlakatlar – Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va O‘zbekistonda 160 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi. Eng ko‘p aholiga ega mamlakat esa Turkiya. Ayni vaqtda esa Turkiya kasallik tarqalishi, o‘lim soni bo‘yicha ham mintaqada birinchi bo‘lib turibdi. Dunyoda birinchilikni AQSH egallagan bo‘lsa, keyingi besh o‘rin Yevropa mamlakatlariga tegishli. Turkiya esa Eron va Xitoydan o‘zib yettinchi o‘rinni band etmoqda. Mamlakatda 95 591 kishi ushbu xastalikka chalingan. Ulardan 2259 nafari yoki 2,3 foizi vafot etgan, 14 918 kishi yoki 15,6 foizi sog‘aygan. 

Shu bugungacha mamlakatda o‘rnatilgan karantin choralarining ayrimlari kutilgan natijani bergani yo‘q

10 aprel kuni soat 22:00 da Turkiyaning 31 viloyatida, jumladan Istanbul va Anqara kabi asosiy shaharlarda ham aholining ko‘chaga chiqishi taqiqlandi va ikki kunlik komendantlik soati e’lon qilinishi aytildi. Kutilmagan ushbu bayonotdan so‘ng, yarim tun bo‘lishiga qaramay,  aholi o‘zini ko‘chaga urdi. Bozorlar va do‘konlarda odamlar har qachongidan to‘lib toshdi. Non do‘konlari atrofida oxiri yo‘q navbatlar paydo bo‘ldi. Avtomobillar harakatlanishi keskin ortib ketdi. 

Hatto, ba’zi joylarda odamlar o‘rtasida nizo kelib chiqib, bu yoqalashishgacha yetib bordi. Vaziyat bu ko‘rinishda davom etgach, aholiga suv va non yetkazib berish xizmatlari yopilmasligi, ular faoliyatini davom ettishi aytildi. Lekin, kech bo‘lgandi. Odamlar ro‘zg‘or g‘amida karantinni unutdi, niqoblarni taqish bilan bog‘liq talabga ham, masofa saqlash to‘g‘risidagi qoidaga ham amal qilmadi. Natijada esa karantin tartiblari, gigiyena qoidalari buzilgani sabab keyingi kunlarda bemorlar soni keskin ortib ketdi. 

Ma’lumki, QALAMPIR.UZ kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati – “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Akmal Burxonov bilan onlayn-muloqot o‘tkazdi. Intervyuda aynan Turkiya masalasida, mamlakatdagi karantin borasida kuzatilgan boshboshdoqlik muhokama qilindi.

“Turkiyada va Amerikada, jumladan Yevropa davlatlarida bemorlarning ko‘pligi, albatta, sayyohlar soniga ham bog‘liq. Bu bitta omil. Karantin qoidalari, hatto, komendant soati belgilanganiga qaramay, ko‘pchilik bu qoidalarni inkor qildi. Bu davlat qanchalik rivojlangan bo‘lmasin, karantinni shunchalik inkor qilayotganini ko‘rishimiz mumkin. Afsuski! Bu vaqtda inson huquqlari, demokratiya yoki hozirgacha o‘rgangan narsalarimizni bir chetga surishimiz kerakligini unutishdi. Bu esa insonlarning nobud bo‘lishiga olib keldi. Buni ham alohida e’tirof etish kerak. Ayniqsa, Turkiyada shunday bo‘lyapti”, deydi Akmal Burxonov.  

Turkiyada bu gal Respublika Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an tomonidan komendantlik soati e’lon qilindi. Tartib 23 apreldan kuchga kiradi va 26 aprel kuni yarim tunda tugaydi. 

Xo‘sh, fuqarolar karantin tartiblariga rioya qilmasa yoki mamlakat pandemiya davrida xavfsizlik choralarini kuchaytirmasa, bunda javobgarlik fuqaroga tushadimi yoki davlatga? Bu savolga Akmal Burxonov quyidagicha javob berdi. 

“Shu davrda inson huquqlari tashkilotlari yoki demokratiyani qo‘llab-quvvatlaydiganlarni, afsuski, ko‘rmayapmiz. Savolga javob beradigan bo‘lsam, birinchi navbatda masala fuqarolarning zimmasida. Ikkinchi jihatdan davlatga ham bog‘liq. Chunki, oxir-oqibat hammasi uchun davlat javob beradi”.

Ushbu videointervyuni yuqoridagi videopleyerda va YouTube’dagi sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin. 

Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus Turkiyada

Baholaganlar

177

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing