Turkiyada Blinkenni “diplomatik tarsaki” bilan kutib olishdi 

Olam

image

Bugun, 6 noyabr kuni AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Turkiya Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan bilan uchrashish uchun Anqaraga yetib bordi. Bu haqda “Akşam” gazetasi xabar berdi.

Siyosatchi mamlakatga tunda yetib kelgan. Uni samolyot zinapoyasida yuqori martabali amaldorlar kutib olmagan. Unga peshvoz chiqqanlar orasida AQSHning Anqaradagi elchisi Jeffri Fleyk, Tashqi ishlar vazirligi vakili Yaprak Balkan, Anqara gubernatori o‘rinbosari Namik Kamol Nazli va boshqa bir qancha rasmiylar bor edi.

Bundan tashqari, aeroportdagi VIP zal tashqarisidagi chiroq o‘chirilgan. Nashr jurnalistlari bu qabulni “shapaloq urishga qiyoslanadigan norozilik” deb atagan va bu Turkiyada birinchi marta sodir bo‘layotganini yozgan.

Blinken qorong‘ida uni kutib turgan odamlar bilan salomlashib, mashinasiga o‘tirgan.

Qayd etilishicha, Blinkenning Turkiya TIV binosigacha bo‘lgan yo‘nalishi bo‘ylab ko‘priklardan birida mahalliy aholi HAMASning harbiy qanoti vakili Abu Ubayda tasvirlangan plakat osib qo‘ygan. 

TRT’ning xabar berishicha, hozirda Blinken Turkiya TIV rahbari Xoqon Fidan bilan muzokara o‘tkazmoqda. Ma’lumki, rasmiy uchrashuvda G‘azo sektoridagi harbiy vaziyat, shuningdek, mintaqaviy muammolar va ikki tomonlama munosabatlar muhokama qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, 3 noyabr kuni AQSH Davlat kotibi Yaqin Sharqdagi vaziyat fonida uchinchi marta Isroilga borgan, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu, Prezident Isxaak Gersog va boshqa rasmiylar bilan uchrashgandi. Blinken Amerika Qo‘shma Shtatlari Isroilga G‘azo sektoridagi falastinlik tinch aholi o‘rtasidagi talofatlarni minimallashtirishga qaratilgan "aniq qadamlar"ni taklif qilganini bildirgandi. Biroq Netanyaxu Isroil shiddatli hujum uyushtirayotgan G‘azo sektorida HAMAS tomonidan ushlab turilgan mahbuslarni ozod qilmasdan, vaqtinchalik gumanitar sulh tuzish taklifini rad etdi. Kecha, 4 noyabr kuni Entoni Blinken Iordaniya poytaxti Ammanda Saudiya Arabistoni, BAA, Misr va Qatar Tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashib, Isroilning HAMAS bilan urushini muhokama qildi. Bundan tashqari u Livan Bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Najib Mikati bilan ham uchrashuv o‘tkazdi. Kecha, 5 noyabr kuni Blinken Ramallohda Falastin Prezidenti Mahmud Abbos bilan, Larnakada Kipr Prezidenti Nikos Xristodulidis bilan,  Bag‘dodda Iroq Bosh vaziri Muhammad al-Sudaniy bilan muzokaralar o‘tkazdi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Turkiya Entoni Blinken Xoqon Fidan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made