Turkiya Yevropaning ayblovini rad etdi
Olam
−
11 noyabr 2021
4687Turkiya muhojirlarni Belarusga olib o‘tishga aloqadorlik ayblovlarini rad etadi. Bu haqda Respublika Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘lu polshalik hamkasbi Zbignev Rau bilan telefon suhbatida aytgan, deb xabar bermoqda RIA Novosti.
“Turkiya va Polsha Tashqi ishlar vazirlari telefon orqali muloqotda bo‘lib, unda Polsha-Belarus chegarasidagi noqonuniy migratsiya bilan bog‘liq vaziyat muhokama qilindi. Turkiya va Turkish Airlines ushbu masala bo‘yicha asossiz ayblovlarni rad etdi”, deyilgan xabarda.
Chavusho‘g‘lu Polshaga muhojirlar inqirozi doirasida tekshiruv o‘tkazish uchun Turkiyaga texnik komissiya yuborishni taklif qilgan.
Joriy yilning 8 noyabr kuni Belarus Davlat chegara qo‘mitasi qochqinlarning katta guruhi, asosan, kurdlar Belarusning Polsha bilan chegarasi tomon yo‘l olgani haqida xabar berdi. 2 mingdan ortiq qochqinlar, jumladan ayollar va bolalarning katta qismi chegara chizig‘idagi Polsha to‘siqlari oldida to‘xtab, o‘z-o‘zidan lager qurdi. Polsha xavfsizlik kuchlari ularni o‘tkazib yubormadi, muhojirlar to‘siqlarni yengib o‘tishga harakat qildi.
So‘nggi paytlarda Litva, Latviya va Polsha Belarus bilan chegarada qo‘lga olingan noqonuniy muhojirlar soni ko‘paygani haqida xabar berib, Minskni migratsiya inqirozi yuzaga keltirishda aybladi. Minsk barcha ayblovlarni rad etdi.
Vaziyat munosabati bilan Polsha Prezidenti Anjey Duda Belarus bilan chegaradosh hududlarda favqulodda holat joriy qildi, chegarani himoya qilishga armiya va politsiya jalb etildi.
Avvalroq, Yevropa Ittifoqi Polsha-Belarus chegarasidagi migrantlar bilan bog‘liq vaziyat tufayli dekabr oyi boshida “Aeroflot” va Turkiyaning “Turkish Airlines” aviakompaniyasiga sanksiyalar qo‘llash imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqida xabar bergandik.
LiveBarchasi