Turkiya zilziladan qancha zarar ko‘rgani ma’lum bo‘ldi
Olam
−
09 mart 2023
13947Zilzila oqibatida Turkiyaga yetkazilgan zarar 100 milliard AQSH dollaridan oshishi mumkin. Bu haqda seshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda BMT Taraqqiyot dasturining Turkiyadagi rasmiy vakili Luiza Vinton ma’lum qildi.
“Turkiya hukumati taqdim etgan va xalqaro hamkorlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan hozirgacha olib borilgan hisob-kitoblardan ko‘rinib turibdiki, yetkazilgan zarar miqdori 100 milliard dollardan oshadi”, degan Luiza Vinton. Turkiyadagi rasmiy vakil eng ko‘p zarar ko‘rgan Hatay provinsiyasidagi vaziyatni yuz minglab uylar vayron bo‘lgan “apokalipsis” deb ta’rifladi. Shuningdek, u “ehtiyojlar katta, ammo resurslar kam”, deya qo‘shimcha qilgan.
Biroq avvalroq Jahon banki joriy yilning 6 fevralidagi zilzila oqibatida Turkiya iqtisodiyotiga yetkazilgan zararni 34,2 milliard dollar deb baholagan edi. Zilzilalarning davom etishi esa yo‘qotishlar miqdorini yanada oshirdi.
“Qayta tiklash va rekonstruksiya qilish xarajatlari ancha yuqori. Narx ikki baravar oshishi mumkin. Xuddi shu tarzda iqtisodiy tanazzullar tufayli yalpi ichki mahsulot yo‘qotishlari zilzila oqibatida yetkazilgan yo‘qotishlar miqdoriga qo‘shiladi”, degan edi Jahon banki.
Nihoyat, Turkiyaning Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vaziri Vahit Kirishji Adana Sanoat Palatasida (ADASO) bo‘lib o‘tgan Biznes olami maslahat yig‘ilishida zilzilaning mintaqadagi savdoga yetkazgan zarari haqida gapirdi.
“Biz juda og‘riqli bir hodisaga duch kelyapmiz, taxminan bu raqam 80 milliard dollar. Faqat shuni aytishim mumkinki, Davlat gidrotexnika inshootlari bu zilzila tufayli taxminan 22 milliard lira (qariyb 1 mlrd 161 mln dollar) yo‘qotdi”, deydi u.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqan vazir Kirishji, zilzila sodir bo‘lgan birinchi daqiqadan boshlab chora ko‘rganliklarini va sohaga 5 ming qurilish texnikasi hamda 15 ming xodim ajratganliklarini aytdi. Kirishji qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlaganliklarini, ishlab chiqaruvchilarga ozuqa berilganini, go‘sht va sut muassasasi chorva mollari hamda xomashyo sotib olgani haqida ma’lumot berdi. Chiqindilarni olib tashlashda Davlat gidrotexnika inshootlari bosh boshqarmasi ishtirok etganini eslatgan Kirishji, mintaqada oziq-ovqat tekshiruvi o‘tkazganliklarini, yaroqlilik muddati o‘tgan mahsulotlarga alohida e’tibor berganliklarini qayd etdi.
“Davlat gidrotexnika inshootlari bosh boshqarmasi mamlakat bo‘ylab 3 million 50 ming litr yoqilg‘i yetkazib berdi. Men do‘stimdan, bu raqam nimani anglatishini so‘radim. U bu yaxshi yoqilg‘i quyish shoxobchasining 1,5 yil ichida sotadigan yoqilg‘isiga teng ekanini aytdi”, deydi vazir.
Zilzila tufayli savdoga yetkazilgan zararga e’tibor qaratgan vazir Kirishji viloyatlarning eksport darajasi ham qisqarganini aytdi.
“11 viloyatning eksporti, afsuski, 2022 yildagi 2 milliard 947 million 276 ming 444 dollardan 1 milliard 783 million 563 ming 71 dollarga qisqardi. Regressiya taxminan 40 foizni tashkil qiladi. 2022 yil fevral oyida zilzila sodir bo‘lgan viloyatlardagi eksportning umumiy eksportdagi ulushi taxminan 15,5 foizni tashkil etgan bo‘lsa, afsuski, hozirgi vaqtda bu ko‘rsatkich 10 foizga kamaydi. Bizni juda og‘riqli voqea kutib turibdi, taxminiy ko‘rsatkich 80 milliard dollar. Faqat shuni aytishim mumkinki, Davlat gidrotexnika inshootlari bosh boshqarmasi bu zilzila tufayli 22 milliard lira atrofida zarar ko‘rdi. Hali bosimli sug‘orish tizimi bilan klapanni ochganimiz yo‘q. Valfni ochganingizda, bosimli sug‘orish tizimi qayerda shikastlanganini bilmaymiz”, dedi u talafotlarni sanab.
Turkiya Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vazirining aytishicha, Adanada zudlik bilan buzilishi kerak bo‘lgan 2000 ga yaqin o‘rtacha, og‘ir shikastlangan bino borligini ma’lum qildi. Qolaversa, u shaharda buzilishi kerak bo‘lgan 1900 ta turar-joy va 7 ta qishloq uyi qurilishini qo‘shimcha qildi.
LiveBarchasi