Turkiya O‘zbekistonga “og‘a” bo‘lmoqchimi? Anqaradagi sammit qanday signal berdi?

Intervyu

Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT)ga a’zo mamlakatlar – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, O‘zbekiston, Ozarbayjon, kuzatuvchi mamlakatlar – Vengriya, Turkmaniston va (tan olinmagan) Shimoliy Kipr Turk Respublikasi rahbarlari joriy yilning 16 mart kuni Anqaradagi navbatdan tashqari sammitda uchrashdilar. Sammitga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raislik qildi. Ammo bu sammit o‘zidan ko‘plab savollarga boy bo‘lgan iz qoldirib ketdi. Masalan, Turkiy davlatlar tashkilotining joriy yilgi raisi va mezboni O‘zbekiston edi. Shunga qaramay, 16 mart kungi navbatdan tashqari sammit nima uchun Turkiya poytaxti Anqarada bo‘lib o‘tgani  ajablanarli. 

Qolaversa, navbatdan tashqari o‘tkazilgan sammit uchta yirik turkiy davlatlarda yaqinda bo‘lishi kutilayotgan siyosiy voqealar – 19 mart kuni Qozog‘istondagi Parlament saylovi, 14 mayda Turkiyadagi Prezidentlik va Parlament saylovlari hamda 30 aprel sanasida O‘zbekistonda bo‘ladigan umumxalq referendumidan oldin o‘tkazilishi ham, go‘yo Turkiyadagi mazkur sammit ko‘proq prezidentlar bir-birini siyosiy nuqtai nazardan qo‘llab-quvvatlashiga o‘xshab ketayotgandek.

Mazkur savollarga javob topish maqsadida QALAMPIR.UZ Xalqaro munosabatlar va tashqi siyosat bo‘yicha mustaqil tadqiqotchi, "Taraqqiyot strategiyasi" markazi bo‘lim boshlig‘i Farruh Hakimov bilan suhbatlashdi va undan O‘zbekiston-Turkiya munosabatlari, Turkiy davlatlar tashkilotining oddiy tomoshabin ko‘zidan yiroq tomonlari haqida fikr oldi.

2011 yildan 2017 yilgacha ushbu ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarga juda katta darz ketgan edi. Mamlakatda turk restoranlarining nomi o‘zgargan, radiolarda turk qo‘shiqlariga taqiq qo‘yilgan, telekanallarda esa turk seriallari yoppasiga yo‘qotilgan edi. Hatto, Turkiyaga sayohat maqsadida borib-kelganlar ham so‘roqqa chaqirilganini eshitganmiz. Endichi, ikki mamlakatning bu yaqinlashuvi nimani anglatadi? 

Yaqinda Prezident Mirziyoyev undan O‘zbekiston kim tomonda ekanini so‘rashayotganini aytgandi. Xo‘sh, Turkiya O‘zbekiston uchun kim o‘zi? Strategik hamkormi yoki O‘zbekistonning yangi "og‘a"simi? O‘zbekiston boshqa bir katta "aka"lardan qochib, yangisiga tutilib qolmayaptimi?

Jurnalistning bu savoliga ekspert “Yo‘q!” deya javob berdi.

“Turkiya bilan hamkorlik masalasida, biz uni “aka” deb bilamizmi yoki u bizni “uka”, har ikkalasiga ham men “yo‘q” deb javob beraman. Chunki Turkiyani hali yirik davlat deyolmayman, u o‘rta davlat va xalqaro maydonda O‘zbekiston bilan darajasi deyarli teng. Ya’ni Amerika, Rossiya, Xitoy bilan solishtirganda Turkiya vazn kategoriyasida O‘zbekistonga yaqinroq. Bundan tashqari, Turkiya bilan tarixiy – til, din va an’analar jihatidan yaqinligimiz muloqotimizni yaqinlashtiradi.

Hakimovning aytishicha, xalqaro munosabatlarda qaysidir davlat biror bir yirik davlatni o‘ziga “aka” deb bilsa, bunday tanlov muvaffaqiyatsizlikka olib keladi. 

“Buni tarixda ko‘p ko‘rganmiz. Shuning uchun ham O‘zbekiston va boshqa Markaziy Osiyo belgilagan ko‘p vektorli xalqaro hamkorlarni diversifikatsiya qilish tamoyili yotadi. Ya’ni tashqi aloqalarda muhim tanlov qilayotganda davlatni emas o‘sha mamlakatning prinsiplarini ustuvor qilib belgilashi kerak. O‘zbekistonning prinsipi esa uning faqat milliy manfaatlarini ilgari surishidir”, deydi  Hakimov.

Siyosatshunos xalqaro maydonda davlatlarning nufuzi har xil hisoblanishi, yirik davlatlar, o‘rta davlatlar va kichik bo‘lgan davlatlar borligini hisobga olib, O‘zbekistonni o‘rta davlat qatorida deb hisoblashini bildirdi. 

“O‘ziga xos geografik joylashuvi, ham iqtisodiyoti hamda aholi soni jihatidan shu guruhga kiritsa bo‘ladi. Shuning uchun xalqaro hamkorlar bilan o‘zaro munosabatda o‘ziga xos ovozga ega. 

Yirik davlatlarga kelsak, o‘z kuchidan kelib chiqib o‘rta yoki kichik davlatlarning siyosatiga ta’sir o‘tkazadi”, deydi mutaxassis.

Xalqaro siyosat masalalari bo‘yicha ekspert Farruh Hakimov bilan intervyuni yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ'ning YouTube kanalida tomosha qilishingiz mumkin. 


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Turkiy davlatlar tashkiloti Erdog‘an Farruh Hakimov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing