Turkiyaning qorong‘i tarixiga shohid orol. Mirziyoyev bu yerga nega bordi?

Tahlil

Yassi orol. Istanbul markazidan 15 kilometr uzoqlikda, Marmara dengizining o‘rtasida joylashgan orol Turkiyaning demokratik tarixidagi qora kunlarni yodga soladi. Bugun, 12 noyabr kuni ushbu orolda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining 8-sammiti bo‘lib o‘tmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev ham ayni vaqtda ushbu orolda bo‘lib turibdi. 

Orolda bundan 60 yil muqaddam Turkiya Prezidenti Jalol Bayar, Bosh vazir Adnan Menderes, Tashqi ishlar vaziri Fatin Rushtu Zo‘rlu, Moliya vaziri Hasan Po‘latkan sudlangan edi. Ular 1960 yilda amalga oshirilgan davlatga qarshi harbiy to‘ntarishning qahramonlari sifatida tarixda qoldi. 

Turkiya tarixiga nazar tashlasak, ko‘plab harbiy to‘ntarishlar amalga oshirilganiga guvoh bo‘lamiz. Ulardan birinchisi 1960 yilning 27 may kuni ro‘y berdi. Turkiyada general Kamol Gursel boshchiligidagi harbiy to‘ntarish natijasida hukumat rahbari Adnan Menderes hokimiyatdan ag‘dariladi va hibsga olindi. 

Ali Adnan Ertekin Menderes 1899 yil Turkiya g‘arbidagi Aydin shahrida tug‘ilgan. U 1931 yilda ilk bor Aydin viloyatidan Jumhuriyat xalq partiyasi nomzodi sifatida Millat Majlisi deputatligiga saylandi. 1935, 1939, 1943 yillarda o‘tkazilgan saylovlarda ham deputatlik lavozimini saqlab qoldi. 

Menderes Jumhuriyat Xalq partiyasida faoliyat yuritayotgan yillardayoq demokratiya talabini qo‘ygani uchun 1945 yilga kelib partiyadan chiqarib yuboriladi. Shu yilning o‘zida JXPdan quvilgan boshqa faollar – Jalol Bayar, Mehmet Fuad Ko‘prulu va Rafik Ko‘raltan bilan birga Demokratiya partiyasiga asos soladi. Bu – Turkiya tarixida yakkapartiyaviylikning tugashi edi. 

1950 yilda o‘tkazilgan saylovda Demokratik partiya katta farq bilan JXP ustidan g‘alaba qozondi. Saylov natijalariga ko‘ra, partiya raisi Jalol Bayar Prezident lavozimini egalladi. Adnan Menderes Hukumat raisligiga tayinlandi va ushbu lavozimda 10 yil, to harbiy to‘ntarishgacha faoliyat yuritdi. 

Adnan Menderes Turkiya tarixida o‘lim jazosiga hukm etilgan birinchi va oxirgi Bosh vazir sanaladi. U bilan o‘sha vaqtlarda Moliya vaziri Hasan Po‘latkan va Tashqi ishlar vaziri Fatin Rushtu Zo‘rlu ham qatl etilgan.

Demokratlar, xususan Bosh vazir Adnan Menderes tarafdorlari 1960 yilning 27 may kuni sodir etilgan harbiy to‘ntarishdan so‘ng Anqaradan Istanbul yaqinidagi Marmara dengizi o‘rtasida joylashgan Yassi orolga olib kelingan. Mahbuslarni joylashtirish uchun avvaldan barcha sharoitlar ko‘rilib, maxsus qamoqxona tashkil etilgan, sport markazi sud zaliga aylantirilgan.

O‘sha vaqtlarda Turkiyada siyosiy vaziyat butkul izidan chiqdi. Odamlar masjidlarga arabcha azonni qaytargan, demokratiyani qo‘llab-quvvatlagan, tom ma’noda erkinlik bergan Hukumat va uning boshqaruvchisi Adnan Menderesni yaxshi ko‘rardi. To‘ntarish mualliflari vaziyat qaltis tus olib, uning ortidagi maqsadlar yuzaga chiqishidan qattiq qo‘rqardi. Shu bois Yassi orolda alohida film suratga olindi. Unda Prezident Jalol Bayar, Bosh vazir Adnan Menderes va boshqalar bashang liboslarda namoyon bo‘ladi. Ular shohona dasturxon atrofida, shifokorlar ko‘rigi va qo‘riqchilarning g‘amxo‘rligi ostida yashayotgani tasvirlari butun mamlakat bo‘ylab tarqatildi. Suratlar gazetalarda chop etildi. Asl vaziyat esa ko‘rsatilganining tamomila aksi edi. 

1960 yil 27 may. Tonggi soat 04:00 da Turkiya Qurolli kuchlari shtab-polkovnigi Alparslan Turkesh radio orqali chiqish qilib, Turkiyada mavjud hokimiyat boshqaruvi harbiylar qo‘liga o‘tganini e’lon qildi va xalqdan vaziyat o‘nglanmaguncha uydan tashqariga chiqmaslikni so‘radi. 

Yassi orolga olib ketilgan Adnan Menderes Turkiya jinoiy qonunining deyarli barcha moddalari bilan ayblandi. Ayblovlar kurakda turib bo‘lmaydigan tuhmat va bo‘htonlardan iboratligini nafaqat oddiy odamlar, balki sudyalarning o‘zi ham yaxshi bilar edi.

Sud qaroriga binoan Prezident Jalol Bayar bir umrlik qamoq jazosiga hukm etildi. Bosh vazir Adnan Menderes, Moliya vaziri Hasan Po‘latkan va Tashqi ishlar vaziri Fatin Rushtu Zo‘rluga esa o‘lim jazosi tayinlandi. Sud hukmi e’lon qilingan so‘nggi majlisda Adnan Menderes betobligi bois qatnasha olmadi. Sudyalar bundan unumli foydalandi, unga so‘nggi so‘z haqqini bermaslik ilinjida o‘lim jazosiga hukm qildilar. Adnan Menderesning ahvoli biroz yaxshilanib, u o‘ziga kelganda, Hasan Po‘latkan va Fatin Rushtu Zo‘rlu allaqachon osilgan edi. Adnan Menderes esa 1961 yilning 17 sentyabr kuni Imrali oroliga olib ketildi va soat 13:21 da qatl etildi. Bu nafaqat Menderesning, balki demokratiyaning qatli edi. 

Yassi oroldagi qonli va qorong‘u tarix unutilgani yo‘q. Aksincha, demokratiya qilingan har zarba uning qadri va qiymatini oshirmoqda. Xalq o‘sha kunlar xotiralarini yuragida, xotirasida tashimoqda. U kunlarni ko‘rganlar hamon tirik. 

Demokratiya va mustaqillik oroli

2019 yilda Yassi orol Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning tashabbusi bilan qayta jonlandi. Uni Turkiyaning demokratiya markaziga aylantirish ishlari boshlandi. Hudud qayta tiklanib, 1960 yil voqealarini o‘zida jamlagan Demokratiya va mustaqillik oroli barpo etildi. Sud o‘tkazilgan sport zaliga Hasan Po‘latkan nomi berildi, Fatin Rushtu Zo‘rlu nomidagi masjid qad rostladi. Andan Menderes nomidagi qutubxona, muzey, simpoziumlar saroyi ish boshladi.

O‘sha vaqtda orolga 592 kishi olib kelingan. Ular o‘zi bilan olib kelgan jamadonlar esa bugun orolga kiraverishga joylashtirilgan. Sud majlisi o‘tkazilgan sport zaliga Hasan Po‘latkan nomi berilib, zal aynan o‘sha davrdagidek sud majlisini eslatadigan shaklda jihozlangan. Prezident, Bosh vazir va boshqalarning mumdan yasalgan haykallari o‘rnatilgan. 

Oroldagi qamoqxona binosida Bosh vazir Adnan Menderes qanday saqlanganiga ham guvoh bo‘lish mumkin. Bosh vazir bilan o‘tgan tergov jarayonlari ovozlari ushbu xonaga kirganingiz zahoti qulog‘ingizga chalinadi. 

Daraxtlarga burkangan yo‘lakdan o‘tib borar ekansiz, xuddi uchishga oshiqayotgan kabutarlardek ko‘kka intilayotgan qog‘ozlarga ko‘zingiz tushadi. Bu manziliga yetib bormagan maktublar. Bosh vazir Adnan Menderes qamoqdaligi chog‘ida rafiqasi Berin Menderesga yuzlab maktublar yozgan, ammo bu xatlar Berin xonimga yetib bormagan. 

Orolning eng baland nuqtasida mayoq bor. Bu mayoq 24 davomida yoniq turadi. U kunu tun demokratiya va mustaqillik nurini ulashadi.

To‘liq videofilmni QALAMPIR.UZ'ning YouTube'dagi sahifasida yoki quyidagi videopleyerda tomosha qilishingiz mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya

Baholaganlar

237

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing