Turkiya Yaqin Sharqdagi vaziyat bo‘yicha konferensiya o‘tkazmoqchi
Olam
−
04 noyabr 2023
6670Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an respublikada Yaqin Sharqdagi vaziyat bo‘yicha tinchlikka erishish uchun barcha manfaatdor tomonlar ishtirokida konferensiya o‘tkazilishini aytdi. Bu haqda u Qozog‘istondan qaytayotgan samolyot bortida turkiyalik jurnalistlarga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
"Bizning asosiy maqsadimiz Isroil-Falastin muammosida yakuniy tinchlik o‘rnatishdir. Buning uchun biz tashabbus ko‘rsatmoqdamiz, formulalar ishlab chiqyapmiz va buni davom ettiramiz. Qon to‘kilishini to‘xtatish va tinchlik o‘rnatish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilishga bel bog‘laganmiz. Bizning maqsadimiz ham mintaqamizga, ham mamlakatimizga yengillik olib keladigan mustahkam va barqaror tinchlikka erishishdir. Biz bunga chaqiramiz, xususan, barcha manfaatdor tomonlarni konferensiya uchun yig‘moqchimiz”, degan Erdo‘g‘an.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya G‘azo sektori uchun kafil sifatida yetakchi rolni o‘z zimmasiga olishi kerak.
"Bu tarix, bugun va kelajakni shakllantiradigan rivojlanish bo‘ladi. Turkiyaning barcha sa’y-harakatlari G‘azo sektori va Falastinda tinchlik o‘rnatishga qaratilgan, u yerda odamlar bundan buyon o‘lib, uylarini tark etmasligi kerak. Agar shunday vaziyat yuzaga kelsa, Turkiya G‘azo sektoriga kafillik missiyasini o‘z zimmasiga olishga tayyor", deya qo‘shimcha qilgan u.
Turkiya hukumati ham Falastin-Isroil mojarosini, jumladan, kafil davlatlar tizimini yaratish va Yaqin Sharq bo‘yicha xalqaro tinchlik konferensiyasini chaqirish tashabbusi doirasida hal etish bo‘yicha faol sa’y-harakatlarni amalga oshirayotganini bildirgan.
Qayd etish joizki, o‘tgan oyda Ammanda Yaqin Sharqdagi urushni to‘xtatishga bag‘ishlangan Iordaniya, AQSH, Falastin va Misr rahbarlarining sammiti bo‘lib o‘tishi kerak edi. Biroq G‘azo sektoridagi Al-Ahli shifoxonasiga hujum qilinishi fonida bu sammit bekor qilindi. Sammitga mezbonlik qilishi kerak bo‘lgan Iordaniya tarafi uning qoldirilishini sammit urushni to‘xtatishga qodir emasligi bilan izohlagan. Keyinchalik Qohirada BMT Bosh kotibi, Yevropa Kengashi rahbari, Yevropa Ittifoqi bosh diplomati, Misr, Falastin, Iordaniya, Birlashgan Arab Amirliklari, Bahrayn, Qatar, Quvayt, Italiya, Ispaniya, Gretsiya, Iroq, Janubiy Afrika Respublikasi, Kipr yetakchilari, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Norvegiya, Turkiya va Yaponiya Tashqi ishlar vazirlari, shuningdek, Rossiya va Xitoy vakillari ishtirokida Isroil-Falastin mojarosini hal qilishga bag‘ishlangan sammit bo‘lib o‘tdi. Lekin bu ham natija bermadi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Turkiya Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan Anqara Isroil bilan tinchlik kelishuviga erishishda Falastin uchun kafil sifatida harakat qilishga tayyor ekanini ma’lum qilgandi. 1 noyabr kuni Eron Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon Anqaraga kelganida Eron Turkiyaning bu g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashini bildirgandi.
LiveBarchasi
Medvedev Xitoyga bordi.
10:15