Turkiya sudi Qur’onni yoqqan Paludanni hibsga olishga qaror qildi
Olam
−
20 iyul 2023
9102Anqara jinoiy sudi Daniyaning o‘ta o‘ngchi “Qattiq kelishuv” (“Stram Kurs”) partiyasi rahbari Rasmus Paludanni hibsga olishga order berdi. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Paludanga nisbatan aholining bir qismi tomonidan qabul qilingan diniy qadriyatlarni omma oldida haqorat qilish ayblovi qo‘yilgan.
Tergov doirasida Bosh prokuratura sudga Paludanni ko‘rsatma berish uchun hibsga olish so‘rovi bilan murojaat qilgan. Sud arizani qanoatlantirgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 21 yanvar kuni o‘ng ekstremistik partiya rahbari Rasmus Paludan Shvetsiyaning Stokgolm shahridagi Turkiya elchixonasi oldida Qur’onni ommaviy ravishda yoqib yuborgandi. U o‘z nutqida NATO, Turkiya va ushbu mamlakat Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anni tanqid qilgan, shuningdek, Muhammad payg‘ambarning karikaturasini namoyish etgan. Bu esa Turkiya va Shvetsiya o‘rtasidagi munosabatlarning chigallashishiga olib kelgandi.
Paludan shunga o‘xshash aksiyalarni 27 yanvar kuni Daniya poytaxti Kopengagenda o‘tkazgandi. Ulardan biri Daniyadagi Rossiya elchixonasining konsullik bo‘limi binosi oldida uyushtirilgan.
Turkiya poytaxtida 16 mart kuni bo‘lib o‘tgan Turkiy Davlatlar Tashkilotining favqulodda sammitida qatnashgan davlat rahbarlari ham Yevropaning bir qator davlatlarida Qur’onni yoqib yuborilishini qoralagan edi.
Shundan so‘ng, Britaniya hukumati Rasmus Paludanni mamlakat shimolidagi Ueykfild shahrida Qur’onni yoqib yuborish bilan tahdid qilganidan keyin Buyuk Britaniyaga kirishini тақиқлаганди.
Shvetsiyada yana bir Qur’on yoqilishi holati
Joriy yilning 28 iyun kuni Shvetsiya poytaxti Stokgolmning markaziy maydonlaridan birida 37 yoshli iroqlik muhojir tomonidan Qur’on kitobi yoqib yuborilgandi. Bunga nisbatan bir qator davlatlar va xalqaro tashkilotlar o‘z noroziligini bildirdi. Jumladan, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Qur’onning yoqilishi dinlararo adovat qo‘zg‘ashini aytib, bu holat jinoyat deya baholanishini hamda unga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidlagan edi. Shuningdek, Putinga uning Dog‘istonga safari davomida Qur’on sovg‘a qilishgandi.
Rasmiy Anqara ham Qur’onning yoqilishi yuzasidan Shvetsiyaga nisbatan noroziligini bildirib, ushbu mamlakat uchun NATOga a’zo bo‘lish “orzu” bo‘lib qolishini ma’lum qilgan. Yevropa Ittifoqi Shvetsiyadagi voqealar bo‘yicha o‘z pozitsiyasini bildirib, muqaddas kitoblarning yoqilishi haqorat, hurmatsizlik va ochiq-oydin provokatsiya ekanini bildirgan. Shuningdek, Qur’onni yoqish bo‘yicha aksiya Ittifoq fikrini aks ettirmasligini aytib o‘tgan.
AQSH ham Qur’onning yoqilishini qoralab, Shvetsiyadagi musulmonlarning huquqlaridan xavotirda ekanini bildirgan. Iroq Qur’onni yoqqan odam uning fuqarosi ekanini da’vo qilib, Shvetsiyadan uni ekstraditsiya qilishni talab etgandi. Iroqda, shuningdek, futbol bo‘yicha milliy chempionatning “Al-Shorta” va “Al-Qosim” jamoalari o‘rtasidagi o‘yinda Shvetsiyada Qur’onning yoqilishiga qarshi aksiya o‘laroq futbolchi va hakamlar maydonga Qur’on kitoblari bilan chiqishdi.
2 iyul kuni esa Islom hamkorlik tashkilotida Shvetsiyada Qur’onning yoqilishi yuzasidan navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkazilgandi. 3 iyul kuni Rim papasi Fransisk Shvetsiyada Qur’on yoqilishini keskin qoralab, bu holat uni g‘azablantirganini ma’lum qildi. 5 iyul kuni esa O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Qur’onning yoqilishini qoralagan.