Daniyada musulmonlarni haqorat qilgan siyosatchi qamoq jazosiga hukm qilindi
Olam
−
06 noyabr
3670Daniya o‘ng ekstremistik “Qattiq kelishuv” (“Stram Kurs”) partiyasi yetakchisi Rasmus Paludan irqlararo nafrat qo‘zg‘atgani uchun Shvetsiyaning Malmyo tuman sudi tomonidan to‘rt oy qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda SVT xabar berdi.
Sud qaroriga ko‘ra, daniyalik siyosatchisi o‘zi tashkil qilgan tadbirlarning birida haqoratlagan odamga 20 ming shved kronasi (taxminan 1,9 ming AQSH dollari) miqdorida tovon to‘lashi kerak bo‘ladi.
Sud jarayonida siyosatchi shaxsan ishtirok etmagan va buni videokonferensiya orqali amalga oshirgan. U o‘z xavfsizligini ta’minlash maqsadida yashirinib yurganini ma’lum qilgan. Rasmus Paludan o‘zini “musulmonlar emas, islom tanqidchisi” deb atagan va “odamlarga emas, g‘oyalarga qarshi chiqishni” istayotganini aytgan. Ammo Malmyo sudi uning harakatlari islomni tanqid qiladigan siyosiy aksiyani musulmonlarga nisbatan hurmatsizlikka aylantirib yuborganini qayd etgan. Sud Rasmus Paludanning bayonotlarini esa musulmonlarni haqoratlash va obro‘sizlantirish uchun qilingan, deb baholagan. Siyosatchi Malmyo sudining qaroriga rozi emasligini aytib, uni bekor qilish uchun apellyatsiya qilish niyatida ekanini bildirgan.
Ma’lumot uchun, Rasmus Paludan 2022 yilning aprel va sentyabr oylarida Malmyoda Qur’onni yoqib yuborish orqali tanilgan va bu bilan u mamlakatda musulmonlar mavjudligiga qarshi norozilik bildirgan. Rasmus Paludanning ushbu harakatlari butun Shvetsiyada ommaviy norozilik namoyishlariga sabab bo‘lgan. Ularda o‘nlab odamlar, jumladan politsiyachilar jarohat olgan va norozilik namoyishi ishtirokchilarining ko‘pi hibsga olingan. Siyosatchining harakatlari musulmon mintaqalari va davlatlari yetakchilari tomonidan qoralangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyaning Anqara jinoiy sudi Rasmus Paludanni hibsga olishga order bergan edi. Unga ko‘ra, Paludanga nisbatan aholining bir qismi tomonidan qabul qilingan diniy qadriyatlarni omma oldida haqorat qilish ayblovi qo‘yilgan.
Tergov doirasida Bosh prokuratura sudga Paludanni ko‘rsatma berish uchun hibsga olish so‘rovi bilan murojaat qilgan. Sud arizani qanoatlantirgan.
LiveBarchasi
06 noyabr