Qur’onni yoqqan Paludanning Britaniyaga kirishi taqiqlandi

Olam

image

Britaniya hukumati Shvetsiyaning o‘ta o‘ngchi “Qattiq kelishuv” (“Stram Kurs”) partiyasi yetakchisi Rasmus Paludanni Angliya shimolidagi Ueykfild shahrida Qur’onni yoqib yuborish bilan tahdid qilganidan keyin Buyuk Britaniyaga kirishini taqiqladi. Bu haqda kecha, 20 mart kuni Britaniya Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Tom Tugendxat parlament quyi palatasida so‘zlagan nutqida ma’lum qildi.

“Paludan huquq-tartibot idoralari kuzatuv ro‘yxatiga qo‘shildi. Shunday ekan, uning Buyuk Britaniyaga qilgan safari jamoat manfaatiga hissa qo‘shmaydi. Unga mamlakatga kirishga ruxsat berilmaydi”, degan Tugendxat.  

Ma’lumotlarga ko‘ra, 19 mart kuni Paludan Twitter’ga video joylashtirib, musulmonlar uchun muqaddas Ramazon oyida Ueykfildda Qur’onni yoqish rejalari haqida ma’lum qilgan. Shu tariqa u go‘yoki musulmon jamiyatidan o‘lim tahdidlarini olgan 14 yoshli o‘quvchi uchun javob bermoqchi bo‘lgan. 

Gap shundaki, joriy yilning 23 fevral kuni 14 yoshli o‘smir ta’lim muassasasiga muqovasi yirtilgan va sahifalari ajinlangan Qur’on kitobini olib kelgan. Voqeadan so‘ng Britaniya politsiyasi kitobga yetkazilgan zararni “nafrat hodisasi” deb atagan, ammo bu jinoiy ish emasligini aytgan. Ba’zi mahalliy nashrlar o‘quvchi kompyuter o‘yinida sinfdoshlariga yutqazgani uchun jazo sifatida darsga Qur’on olib kelganini, kitob polga qulaganidan keyin shikastlanganini yozgan. Yana bir nashr esa politsiya kitobni kim tashlab yuborgani va nima uchun shikastlangani haqida ma’lumot bermagani, biroq hodisa oqibatida to‘rt kishi darsdan chetlashtirilganini xabar qilgan.

Britaniya Musulmonlar Kengashi esa Paludanning vaziyatga aralashib, qilgan tahdidlarini “bema’ni gijgijlash harakati” deb baholagan. Tashkilot shved faolining mamlakatga kelishi ehtimolidan chuqur xavotir bildirish uchun Buyuk Britaniya Ichki ishlar vazirligiga murojaat qilishini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 21 yanvar kuni Paludan Stokgolmdagi Turkiya elchixonasi oldida Qur’onni omma oldida yoqib yuborgandi. Bu esa Turkiya va Shvetsiya o‘rtasidagi munosabatlarning chigallashishiga olib kelgandi. Shundan so‘ng, Erdo‘g‘an Shvetsiya Anqaradan NATOga a’zolik arizasini qo‘llab-quvvatlashini kutmasligi kerakligini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shvetsiya Qur'on Paludan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing