To‘qayev tan oldi: Qozog‘istonda pandemiyaning ikkinchi to‘lqini boshlangan
Olam
−
08 iyul 2020
9722Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Qozog‘istonda allaqachon koronavirus pandemiyasining ikkinchi to‘lqini boshlanganini tan oldi. Davlat rahbari bugun, 8 iyul kuni qozog‘istonliklarga yo‘llagan murojaatida Hukumat pandemiyaning ikkinchi to‘lqinini bartaraf etish ustida ishlayotganini aytdi. U so‘zida davom etarkan, bugun mamlakatda koronavirusga chalingan bemorlar soni keskin oshib, 51 mingdan ortiqni tashkil etishida Sog‘liq saqlash vazirligining sobiq rahbariyati va hokimlarni aybladi.
“Pandemiyaning boshlanishidanoq biz uning tarqalishini cheklash uchun darhol qat’iy choralarni ko‘rdik. Bu ko‘pgina odamlarning hayotini saqlab qolishimizga imkon berdi. Ammo, afsuski, ommaviy ravishda karantin tadbirlariga rioya qilmaslik, Sog‘liqni saqlash vazirligining sobiq rahbariyati yo‘l qo‘ygan tizimli xatolar, hokimlarning faoliyati sustligi tufayli, biz pnevmoniyaning keskin ko‘payishi bilan bir qatorda koronavirusning ikkinchi to‘lqini bilan kurashmoqdamiz”, deydi Prezident.
Qozog‘iston dunyo bo‘ylab kuchaytirilgan karantin choralariga qaytgan birinchi mamlakat bo‘ldi. Davlatda joriy yilning 5 iyulidan boshlab kuchaytirilgan karantin rejimi amal qilmoqda. Tartib 14 kun davom etadi. Prezidentning qayd etishicha, bu natija emas, aksincha, kelgusi haftalar pandemiyaga qarshi kurashda hal qiluvchi bo‘ladi.
“Davlat vaziyatni barqarorlashtirish uchun barcha choralarni ko‘rmoqda. Birlamchi tibbiy yordam kuchaytirilmoqda. Uy sharoitida aholiga bir qator tibbiy xizmatlarni ko‘rsatish uchun 400 ta universal mobil guruhlar tashkil etilgan. Iyul oyi oxiriga qadar ularning soni 3,5 mingga yetkaziladi.
Shifoxonalardagi o‘rinlarni ko‘paytirish ishlari boshlandi. Men ko‘rsatma berganimdan beri koronavirus bilan og‘rigan bemorlar uchun yotadigan joylar soni 70 foizga oshirilib, 43 mingtaga yetkazildi”, deydi To‘qayev.
Murojaatda ta’kidlanishicha, dori-darmonlar zaxirasini to‘ldirish, sun’iy havo berish moslamalarini sotib olish,tibbiyot xodimlarini rag‘batlantirish va boshqa shoshilinch choralar uchun kamida 150 milliard tenge mablag‘ ajratilgan. Ushbu mablag‘ning sarflanishi alohida nazorat ostida bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, Qozog‘istonda koronavirusga chalinganlar keskin ortib, 51 059 taga yetdi. Bemorlarning 16 298 nafari yoki 31,9 foizi sog‘aygan. O‘lim holatlari esa 264 tani tashkil etmoqda.
13 iyul koronavirus qurbonlari xotirasiga “Milliy motam kuni” deb e’lon qilindi.
LiveBarchasi