To‘qayev Putinni yonida DXR va LXRni tan olmasligini baralla aytdi

Olam

image

Donetsk va Lugansk Xalq Respublikalari kvazi-davlat, ya’ni o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan hududlardir. Qozog‘iston ularning mustaqilligini tan olmaydi. Bu haqda mamlakat Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bugun, 17 iyun kuni bo‘lib o‘tgan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ishtirokidagi Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida ma’lum qildi. 

“Agar millatlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi yer yuzida amalda ishlasa, hozir Birlashgan Millatlar Tashkiloti tarkibiga kiruvchi 193 ta davlat o‘rniga 500 yoki 600 tadan ko‘p davlat paydo bo‘ladi. Albatta, bu xaosni yuzaga keltiradi. Shu sababli ham biz na Tayvanni, na Kosovoni, na Janubiy Osetiyani, na Abxaziyani tan olmamiz. Shu bilan birga, bu prinsip Lugansk va Donetsk kabi kvazi-davlat hududlarga ham taalluqli”, deya ta’kidladi To‘qayev tegishli savolga javob berar ekan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘istonda ochiq jamiyat shakllangan, unda Rossiyaning Ukrainadagi “maxsus operatsiyasi” haqida turli fikrlar bildirilmoqda. To‘qayevga ko‘ra, dunyoda ikki tamoyil – davlatlarning hududiy yaxlitligi va xalqlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi o‘rtasida qarama-qarshilik mavjud.

“Men xalqaro hamkorlik tarafdoriman. O‘z-o‘ziga ishonish siyosatini olib borish mumkin emas. Import o‘rnini bosuvchi siyosat yo‘q. Xitoyning muvaffaqiyati nimada? Pragmatizmda”, dedi To‘qayev asosiy muhokama mavzusi bo‘yicha lo‘nda qilib. 

Shuningdek, Qozog‘iston yetakchisi mamlakat Rossiyaga qarshi kiritilgan G‘arb sanksiyalarini hisobga olishini, lekin Rossiya bilan kelishuvlarni buzmasligini aytdi.

Putin bu bayonotlarga izoh bermadi.

“Biz kimlardir o‘ylab topgan qoidalar bo‘yicha emas, balki xalqaro huquq doirasida yashashimiz kerak”, dedi Rossiya yetakchisi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainadagi maxsus harbiy operatsiyaning huquqiy tomoni xalqaro huquq normalariga to‘liq mos keladi. Har qanday hudud davlatdan ajratilganda markaziy organlardan ruxsat so‘rashning hojati yo‘q.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

90

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing