To‘qayev Putinga Ukrainadagi urushni muzlatib qo‘yishni taklif qildi

Olam

image

Bugun, 25 iyul kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Omskda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashdi. Uchrashuvda To‘qayev Putinga Ukrainadagi nizoni muzlatib qo‘yishni taklif qildi. Bu haqda Oqo‘rda matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Qozog‘iston rahbari Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi nizoni hal etish masalasi bo‘yicha o‘z pozitsiyasini bildirgan. 

“Bilasizmi, men eng boshidanoq bu davlatlararo nizo ekanini aytgan edim. Gap biror-bir fuqarolar urushi haqida ketayotgani yo‘q. Biz har doim Ukraina xalqiga, uning madaniyati va tiliga hurmat bilan munosabatda bo‘lganmiz. Va ushbu nizoning tabiati ko‘plab odamlar, jumladan, biz uchun ham unchalik tushunarli emas deb hisoblaymiz. Men Alyaskadagi Ankorij uchrashuvida siz maksimal darajada diplomatik moslashuvchanlik ko‘rsatganingizni bilaman. Va shunchaki mening kamtorona fikrim, modomiki menga murojaat qilishayotgan ekan: balki bu nizoni allaqachon muzlatib qo‘yish va “Istanbul formulasi 2.0”ga qaytish kerakdir, chunki u yerda salmoqli natijalarga erishilgan edi.

Keyin esa, tabiiyki, buyuk davlatlarning, jumladan, Rossiyaning kafolati ostida uzoq kutilgan tinchlik sari olg‘a harakat qilish kerakdir. Qozog‘iston – chetda turgan mamlakat emas, lekin shu bilan birga, barcha takliflar va chaqiriqlarga qaramay, men vositachi bo‘lishni qat’iyan rad etaman, chunki Rossiya – buyuk mamlakat, rus xalqi esa buyuk xalq ekanini bilaman. Va, aytishganidek, vositachilarsiz u kun tartibida turgan siyosiy va boshqa masalalarni o‘zi hal qila oladi. Lekin o‘z kamtorona fikrimni aynan bugun bildirishga qaror qildim, chunki odamlar mening Omskda bo‘lishni rejalashtirganimni va uchrashuvimizni bilishadi.

Hech kim bu vaziyatdan qanday chiqishni bilmaydi, chunki tomonlarning o‘z pozitsiyalari bor. Lekin, boshqa tomondan, bu ishlarning barchasini muzlatib qo‘yish imkoniyati mavjud. Bu xalqaro amaliyotda sinalgan vaziyat va usuldir. Chunki, albatta, yoshlarning halok bo‘layotgani achinarli. Bu Rossiya va Ukrainaning qardosh xalqlari genofondidir. Va bularning barchasini to‘xtatish kerak, chunki sodir bo‘layotgan voqealar, mening qat’iy ishonchim bo‘yicha, Rossiya va Ukraina davlatining g‘animlariga qo‘l keladi va ularni quvontiradi”, deydi Qosim-Jomart To‘qayev.

Yakunda Qozog‘iston rahbari Rossiya bilan strategik sheriklik va ittifoqchilikka sodiqligini tasdiqlagan.

“Qozog‘istonning Rossiyaga nisbatan pozitsiyasiga kelsak, shubhalanmang, biz har doim Rossiyani buyuk davlat deb hisoblaganmiz va hisoblaymiz. Bu haqda men barcha xalqaro forumlarda aytmoqdaman. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, biz Rossiya bilan strategik hamkorlikka, ittifoqchilik munosabatlariga sodiqmiz va mana shu bugungi Forum ham buning isbotidir”, deydi To‘qayev.

Qayd etish joiz, bugun Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Qozog‘iston va Rossiya XXII Hududlararo hamkorlik forumida ishtirok etish uchun Omskga tashrif buyurdi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing