To‘qayev Putinga ramziy kartina sovg‘a qildi

Olam

image

Kecha, 25 iyul kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Rossiya Omsk shahriga tashrifi chog‘ida Vladimir Putinga Shoqan Valixonov va Fyodor Dostoyevskiy tasvirlangan suratni sovg‘a qildi. Bu haqda Oqo‘rda matbuot xizmati xabar berdi. 

“Davlat rahbari Shoqan Valixonov va Fyodor Dostoyevskiy tasvirlangan suratni taqdim etdi”, deyiladi xabarda. 

Ma’lumot uchun, Shoqan Valixonov (to‘liq ismi: Muhammad-Hanafiya Chingizovich Valixonov; 1835–1865) – qozoq xalqining buyuk olimi, sharqshunos, tarixchi, etnograf, geograf va folklorshunos bo‘lib, Markaziy Osiyo xalqlari tarixi hamda madaniyatini tadqiq etishga katta hissa qo‘shgan.

Abilxayrxon va Abilayxon avlodidan bo‘lgan Valixonov Omskdagi kadet korpusida tahsil olgan. U yerda rus va jahon adabiyoti, geografik hamda tarixiy fanlarni chuqur egallab, rus intelligensiyasi, jumladan, mashhur yozuvchi Fyodor Dostoyevskiy kabi ziyolilar bilan mustahkam do‘stlik aloqalarini o‘rnatgan.

Olimning eng muhim ilmiy ishlaridan biri – u qirg‘iz xalqining mashhur “Manas” eposini birinchilardan bo‘lib yozib olgan va rus tiliga tarjima qilib, ilmiy muomalaga kiritgan. Shuningdek, 1858–1859 yillarda o‘sha davrda yevropaliklar uchun yopiq va nihoyatda xavfli bo‘lgan Shinjonga savdogar qiyofasida yashirincha sayohat qilgan. U yerdan Sharqiy Turkistonning geografiyasi, tarixi, iqtisodi va etnografiyasiga oid juda qimmatli va noyob ma’lumotlarni to‘plab qaytgan. 

Fyodor Mixaylovich Dostoyevskiy (1821–1881) esa jahon adabiyotining eng buyuk va ta’sirli namoyandalaridan biri, rus yozuvchisi, publitsisti va faylasufidir. Uning asarlari inson ruhiyatining eng to‘ridagi va murakkab qatlamlarini, e’tiqod, axloq, erkinlik hamda ezgulik va yovuzlik o‘rtasidagi kurashni chuqur tahlil qilishi bilan taniqli.

Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Valixonov va Dostoyevskiyning do‘stligi 1854 yilda aynan Omskda boshlangan va uzoq yillar davom etgan. Ular tez-tez Omsk, Semipalatinsk va Sankt-Peterburg shaharlarida uchrashib turgan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq To‘qayev Omskda Putin bilan uchrashgani va Ukrainadagi nizoni “muzlatib qo‘yish”ni taklif qilgani haqida xabar berilgan edi. Biroq Kreml bu taklifni rad etdi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing