An’anaviy hadya: To‘qayev Dimashga tozi it sovg‘a qildi
Madaniyat-san’at
−
06 noyabr 2023
8405Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev mashhur xonanda Dimash Xudoybergenga tozi itini sovg‘a qildi. Bu haqda qo‘shiqchining o‘zi Instagramdagi sahifasida ma’lum qildi.
“Do‘stlar, tanishing, bu mening yangi do‘stim. Tabiat mo‘’jizasi, ya’ni tozi kuchukchasini menga Qosim-Jomart Kemelevich sovg‘a qilgan. Tozilar – millatimizning qadriyati, ajdodlarimizdan meros “yetti xazina”dan biri. Hozirda Qozog‘istonda itlarning noyob zotlarini saqlashga katta e’tibor berilayotganidan xursandman. Chunki bu zot o‘ziga xos go‘zalligi, vazminligi va kuzatishlarimga ko‘ra, juda aqlliligi bilan ham ajralib turadi”, deb yozgan Dimash Xudoybergen.
Shuningdek, xonanda Qozog‘iston Prezidentiga sovg‘a uchun minnatdorlik bildirgan.
“Ota-bobolarimiz tozilarni hurmat qilgan va sevgan. Bu it uyga bemalol kirishi mumkin edi, demak u toza bo‘lgan. "Tozi" nomi fors tilidan olingan bo‘lib, "tezkor, epchil" degan ma’noni anglatadi. Bunday bebaho tuhfa uchun Prezidentimizga rahmat aytaman! Biz itga “G‘arishker” (“kosmonavt”) deb nom qo‘ydik”, deya qo‘shimcha qilgan Dimash Xudoybergen.
Ma’lumot uchun, Dimash Xudoybergen 1994 yil 24 mayda Qozog‘istonning Aktobe shahrida qo‘shiqchilar oilasida tug‘ilgan. U bolaligidan turli tanlovlarda qo‘shiq kuylagan va pianino chalgan. U 2015 yilda Belarusning Vitebsk shahrida bo‘lib o‘tgan “Slavyan bozori” Gran-prisi g‘olibiga aylanib, Qozog‘iston va boshqa mamlakatlarda katta shuhrat qozongan.
Dimash Xudoybergen Xitoyda 2017 yil 21 yanvardan 22 aprelgacha har hafta efirga uzatiladigan mashhur “Singer 2017” teleko‘rsatuvidagi ishtiroki bilan ham mashhur. Taniqli xonandalar ishtirokida o‘tkazilgan tanlovda u ikkinchi o‘rinni egallagan. 2017 yilda Dimash bir qancha musiqiy mukofotlarga ham sazovor bo‘ldi, jumladan, China Music Awards marosimida “Eng yaxshi Osiyo qo‘shiqchisi” (Grammy’ning xitoychasi) va Tencent MTV Asia Music Gala’da “Eng mashhur xorijiy xonanda” mukofotlarini qo‘lga kiritdi.
Dimash 7 oktava, 8 yarim tondan iborat keng ovoz diapazoniga ega. Uning ovozi bas registridan tortib, kolatura soprano va hushtak registrining eng yuqori notalariga qadar davom etadi. Akademik opera qo‘shiqchiligi janri bo‘yicha o‘qishni tugatganidan so‘ng, “Ostona Opera” davlat opera va balet teatriga ishga taklif qilinganiga qaramay, Dimash an’anaviy qozoq musiqasi va pop musiqa kabi klassik elementlardan foydalangan holda, zamonaviy musiqa sohasida faoliyat yuritmoqda.
U 2019 yilda “Qozog‘istonda xizmat ko‘rsatgan xodim”, 2023 yilning oktyabr oyida esa “Qozog‘iston xalq artisti” unvonini olgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov Turkiya yetakchisi Rajab Toyib Erdo‘g‘anga "Gardash" (turkmanchadan “qarindosh” deb tarjima qilinadi) laqabli turkman alabay kuchukchasini sovg‘a qilgan, bunga javoban Erdo‘g‘an Berdimuhamedovga ikki turk kangal kuchukchasini hadya qilgandi.