To‘qayev Afg‘onistondagi gumanitar va iqtisodiy inqiroz uchun yechim taklif qildi

Olam

image
0:00
0:00
download

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Afg‘onistonga xalqaro yordam yetkazib berish uchun Olma-otada Shanxay hamkorlik tashkiloti markazini tashkil qilishni taklif qildi. Bu haqda u SHHT yig‘ilishida so‘z ochgan. 

“Biz, shuningdek Afg‘oniston duch keladigan favqulodda gumanitar va iqtisodiy muammolarni hal qilish uchun har tomonlama yordam ko‘rsatishga tayyormiz. Qozog‘istonning mavjud infratuzilmasi va logistika imkoniyatlarini inobatga olgan holda, biz Afg‘onistonga xalqaro yordam yetkazib berish uchun Olma-otada SHHTning gumanitar markazini tashkil qilishni taklif qilamiz”, degan To‘qayev. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston kelajakdagi Afg‘onistonni o‘zi va qo‘shnilari bilan tinch-totuv yashayotgan, haqiqiy mustaqil va birlashgan davlat sifatida ko‘radi. 

“Menimcha, SHHT o‘zining ulkan ta’siri bilan bu mamlakatda tinchlik va hamjihatlikka erishishda faol rol o‘ynashi mumkin va shunday bo‘lishi ham kerak. Faqat kollektiv sa’y-harakatlar bilan biz hozirgi tahdidlarga qarshi kurashda mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlay olamiz”, deya ta’kidlagan Qozog‘iston Prezidenti. 

Ma’lumot o‘rnida, ayni daqiqalarda Tojikiston poytaxtida Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining yig‘ilishi o‘tkazilyapti. Kun tartibida bir nechta masalalar bor. Davlat rahbarlari 20 yillik yubileyini nishonlayotgan SHHT faoliyatini ham, xalqaro maydondagi voqealarni ham muhokama qiladi. Eng dolzarb muammolar orasida COVID-19 pandemiyasi va Afg‘oniston inqirozi bor. Yig‘ilishda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

ShHT To'qaev

Baholaganlar

89

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing