To‘qayev 70 yoshda. U mamlakat tepasiga qanday kelgan? (fotoreportaj)
Olam
−
17 may 2023
13916Bugun, 17 may kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev 70 yoshga to‘ldi. Shu munosabat bilan Ommaviy axborot vositalarida uning noyob arxiv fotosuratlari e’lon qilindi.
Bir necha kun oldin Prezident matbuot kotibi Ruslan Jeldibay mamlakatda To‘qayevning 70 yilligi munosabati bilan hech qanday bayram tadbirlari o‘tkazish rejalashtirilmaganini aytgan edi.
“Bu Prezidentning prinsipial pozitsiyasi. Davlatimiz rahbari 17 mayni odatdagi ish rejimida o‘tkazadi. Qozog‘istonda tug‘ilgan kun munosabati bilan yoki Xitoyga tashrif doirasida hech qanday tadbir bo‘lmaydi”, degan edi Jeldibay.
Shuningdek, avvalroq To‘qayev bu kunni nishonlashni yoqtirmasligini uning matbuot kotibi Berik Uali ham aytgan edi.
“Prezident oilasida bunday an’ana yo‘q, farzandlarining ham, ota-onalarning ham tug‘ilgan kunini nishonlash odat tusiga kirmagan”, degan u.
To‘qayevning biografiyasiga yuzlanadigan bo‘lsak, u 1953 yil 17 mayda Olmaota shahrida tug‘ilgan. U noodatiy qo‘sh ismga ega. U o‘zining “Ota haqida so‘z” kitobida aytganidek, amakisining sharafiga Qosim ismini olgan, onasi esa unga Jomart deb ism qo‘ygan. Qosim-Jomart ismi “taqsimlovchi” va “oliyjanob” ma’nolarini bildiradi.
Otasi Kemel To‘qayev (1923-1986), Ulug‘ Vatan urushi qatnashchisi, taniqli yozuvchi, qozoq adabiyotida detektiv-sarguzasht janrining asoschisi bo‘lgan. Onasi Turar Shabarboyeva (1931-2000) Olmaota chet tillar pedagogika institutida ishlagan.
To‘qayev Ilyos Yesenberlin nomidagi 25-sonli gimnaziyani tamomlagan. 1975 yilda Moskva davlat xalqaro aloqalar institutini tugatgan va Sobiq Ittifoqning Xitoydagi elchixonasida bitiruv oldi amaliyotini o‘tagan.
1975-1979 yillar oralig‘ida Sobiq Ittifoqning Singapurdagi elchixonasi xodimi bo‘lib ishlagan. 1979 yilda Sobiq Ittifoq Tashqi ishlar vazirligi apparatiga qaytgan. 1984-1985 yillarda Sobiq Ittifoq Tashqi ishlar vazirligida turli lavozimlarda ishlagan, keyin Xitoydagi Sovet elchixonasida 1991 yilgacha ikkinchi kotib, birinchi kotib va maslahatchi lavozimlarida ishlagan.
1992-1994 yillarda Qozog‘iston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari;
1994-1999 – Tashqi ishlar vaziri;
1999-1999 – Bosh vazir o‘rinbosari;
1999-2002 – Bosh vazir;
2002-2007 – Tashqi ishlar vaziri;
2007-2011 – Senat raisi;
2011-2013 – Birlashgan Millatlat Tashkilotining bosh kotibining o‘rinbosari – Jenevadagi vakolatxonasi rahbari;
2013-2019 – Senat raisi lavozimlarida faoliyat olib borgan.
2019 yil 20 mart kuni mamlakatning sobiq rahbari Nursulton Nazarboyev hokimiyatdan voz kechishini e’lon qildi va To‘qayevni Prezident vazifasini vaqtincha bajaruvchi sifatida tavsiya qildi. O‘sha yilning 10 iyun kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari prezidentlik saylovlarida Qosim-Jomart Kemelevich g‘alaba qozondi va mamlakat Prezidenti etib saylandi.
Qozog‘iston rahbari qozoq, rus, ingliz, xitoy va frantsuz tillarini biladi. To‘qayev diplomatik unvonga (Favqulodda va muxtor elchi) va ilmiy darajaga (siyosiy fanlar doktori) ega. Shuningdek, u xalqaro munosabatlarga oid qator asarlar muallifi, turli mamlakatlar universitetlari, jumladan, Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligi Diplomatik akademiyasi va Xitoyning Shenchjen universitetining faxriy professori hisoblanadi.
LiveBarchasi