Tugatilgan Tog‘li Qorabog‘ning sobiq rahbari Nobelga nomzod bo‘ldi
Olam
−
08 aprel
7826Baku qamoqxonasida saqlanayotgan sobiq Tog‘li Qorabog‘ Respublikasining 4-davlat vaziri Ruben Vardanyan 2024 yilgi tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga nomzod sifatida ko‘rsatildi. Bu haqda bugun, 8 aprel kuni Armanistonning “News Armenia” nashri xabar berdi.
Bu xabarni Vardanyaning qarindoshlari ham tasdiqlagan. Uning nomzodi bir guruh tashkilotlar va shaxslar, jumladan, Nobel mukofoti laureatlari tomonidan ko‘rsatilgan. Mukofotni “tinchlik tashabbuslarini rivojlantirish” hamda Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi mojaro paytida odamlarga yordam ko‘rsatish uchun berish taklif qilingan.
Vardanyaning nomzodini ko‘rsatayotganlar siyosatchi Tog‘li Qorabog‘da gumanitar falokatga yo‘l qo‘ymaganini aytmoqda. Vardanyanning yutuqlari ro‘yxatida uning insonparvarlik sohasidagi "Avrora" mukofotini ta’sis etgani ham keltirilgan.
Ma’lumot uchun, uzoq vaqt biznes bilan shug‘ullangan Rubenning boyligi 2021 yilga kelib 1 milliard dollarga baholangan. U 2022 yilda Rossiyadan Tog‘li Qorabog‘ga jo‘nab ketgan va u yerda tan olinmagan respublika rahbari bo‘lgan. 2023 yil boshida Vardanyan o‘z lavozimini tark etganiga qaramay, Xonkendi shahrida qolgan. O‘tgan yilning 27 sentyabr kuni Qorabog‘dan Armanistonga qochayotganda Ozarbayjon Davlat chegara xizmati tomonidan qo‘lga olingan.
Vardanyan Ozarbayjon Respublikasi Jinoyat Kodeksining terrorizmni moliyalashtirish, qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan qurolli guruhlarni tuzish va ularning faoliyatida ishtirok etish, Ozarbayjon Respublikasining davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish moddalari bilan ayblangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq amerikalik biznesmen Ilon Mask 2024 yilgi Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti nomzodlaridan biriga aylangan edi.
LiveBarchasi