Trampning O‘zbekistonda tug‘ilgan maslahatchisi Toshkentga kelyapti

Jamiyat

image

AQSH Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor AQSH Davlat kotibining o‘rinbosari Kristofer Landau bilan birga joriy yilning 26–30 oktyabr kunlari O‘zbekiston va Qozog‘istonga keladi. Bu haqda AQSH Davlat departamenti xabar berdi.

Gor va Landau O‘zbekiston va Qozog‘iston rasmiylari bilan uchrashib, keng ko‘lamli iqtisodiy va xavfsizlik masalalarini muhokama qiladi.

“AQSH Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikni mustahkamlash va savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishda davom etadi. Biz mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda C5+1 diplomatik platformasi doirasida AQSH va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi 10 yillik sheriklikni nishonlashni intiqlik bilan kutmoqdamiz”, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, Serjio Gor 1986 yil 30 noyabrda Toshkentda tug‘ilgan va keyinchalik AQSHda ta’lim olgan. U siyosiy faoliyatini respublikachilar partiyasi doirasida olib borgan, Donald Tramp jamoasida turli lavozimlarda ishlagan va uning eng yaqin safdoshlaridan biri sifatida tanilgan. Gor Oq uyda Prezident Kadrlar boshqarmasi direktori sifatida faoliyat yuritgan, shuningdek, siyosiy kampaniyalarda ham faol qatnashgan. 2025 yil 22 avgust kuni Donald Tramp uni Hindistondagi elchi lavozimiga nomzod qilib ko‘rsatgan. Hozirda u Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakil sifatida ham faoliyat olib bormoqda.

Eslatib o‘tamiz,  O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2025 yil 22 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasi 80-yubiley sessiyasi tadbirlari doirasida o‘zi uchun ajratilgan qarorgohda AQSH Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gorni qabul qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Tramp Serjio Gor

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing