Mirziyoyev Trampning O‘zbekistonda tug‘ilgan maslahatchisi bilan uchrashdi

Olam

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 22 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasi 80-yubiley sessiyasi tadbirlari doirasida o‘zi uchun ajratilgan qarorgohda AQSH Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gorni qabul qildi. Bu haqda O‘zbekiston rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuv avvalida Serjio Gor AQSH Prezidenti Donald Trampning samimiy salomini yetkazgan.

Joriy yilning 5 sentyabr kuni ikki mamlakat yetakchilarining telefon orqali muloqotida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish nuqtai nazaridan O‘zbekiston-AQSH strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilingan.

Jadal siyosiy muloqot, turli darajadagi delegatsiyalar almashinuvi hamda ishbilarmonlik aloqalari sur’ati ortib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgan.

Yangi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va ilgari surish uchun AQSH Eksimbanki va DFC jamg‘armasi imkoniyatlaridan foydalanish, ularni amalga oshirishni jadallashtirish uchun qo‘shma muvofiqlashtiruvchi qo‘mita ta’sis etish muhimligi qayd etilgan.

Xavfsizlik, terrorizm va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish sohalaridagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratilgan.

Qolaversa, uchrashuv davomida bo‘lajak tadbirlar rejasi ham ko‘rib chiqilgan.

Ma’lumot uchun, Serjio Gor 1986 yil 30 noyabrda Toshkentda tug‘ilgan va keyinchalik AQSHda ta’lim olgan. U siyosiy faoliyatini respublikachilar partiyasi doirasida olib borgan, Donald Tramp jamoasida turli lavozimlarda ishlagan va uning eng yaqin safdoshlaridan biri sifatida tanilgan. Gor Oq uyda Prezident Kadrlar boshqarmasi direktori sifatida faoliyat yuritgan, shuningdek, siyosiy kampaniyalarda ham faol qatnashgan. 2025 yil 22 avgust kuni Donald Tramp uni Hindistondagi elchi lavozimiga nomzod qilib ko‘rsatgan. Hozirda u Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakil sifatida ham faoliyat olib bormoqda.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev ayni damda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasi tadbirlarida ishtirok etish uchun AQSHning Nyu-York shahrida bo‘lib turibdi. Mirziyoyevning bugun, 23 sentyabr kuni BMT minbarida nutq qilishi rejalashtirilgan.

 

 


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Serjio Gor

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing