Trampning Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus vakili Kiyevga tashrifini qoldirdi
Olam
−
07 yanvar
2357AQSHning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus vakili, iste’fodagi general Kit Kellogg Kiyevga oldindan rejalashtirilgan faktlarni aniqlash safarini keyinroqqa qoldirdi. Bu haqda kecha, 6 yanvar kuni “Reuters” Tramp atrofidagi to‘rtta manbaga tayanib xabar berdi.
Qayd etilishicha, Kelloggning nafaqat Kiyevga, balki Rim va Parijga ham tashrifi saylangan prezidentning inauguratsiyasidan keyinga qoldirildi. Agentlik manbalari Yevropaga safarning keyinga qoldirilgani sabablarini aytmadi.
“Kellogg ham, Ukrainaning Vashingtondagi elchixonasi vakili ham izoh berish so‘rovlariga javob bermadi”, deyilgan agentlik xabarida.
Kelloggning tashrifi yanvar oyining boshiga rejalashtirilgan edi
Kit Kellogg yanvar oyi boshida Yevropaning bir qancha poytaxtlariga, jumladan, Kiyevga tashrif buyurishni rejalashtirgan edi. Biroq manbalar Moskvaga tashrif hali Kelloggning rejalariga kiritilmaganini aytdi. Shuningdek, Kelloggning Yevropa bo‘ylab sayohat rejasi hozircha tayyorlanish bosqichida ekani va uning asosiy jihatlari o‘zgarishi mumkinligi ma’lum qilindi.
Kiyevda Kellogg Ukraina rahbariyati bilan uchrashmoqchi edi. Bundan tashqari, uning jamoasi Parij va Rimda yuqori martabali siyosatchilar bilan uchrashuvlar tayyorlashda ishtirok etgan. Maqsad Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha unchalik faol muzokaralar emas, balki AQSHning yangi ma’muriyati uchun ma’lumot to‘plashdir.
AQSHning yangi prezidentining inauguratsiyasi 2025 yil 20 yanvarga belgilangan. Agentlik suhbatdoshlari ta’kidlaganidek, Kelloggning bundan oldin Yevropaga borish niyati Trampning Ukrainadagi urushni hal qilishga katta ahamiyat berayotganidan dalolat beradi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning noyabr oyi oxirida AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp Ukrainadagi urushni tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha o‘zining maxsus vakili lavozimiga nomzodni ma’lum qildi. Bu iste’fodagi general-leytenant Kit Kellog edi. 80 yoshli Kellog nomzodi hali ham AQSH Senati tomonidan tasdiqlanishi kerak, biroq respublikachilar Kongressning yuqori palatasida ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritganini hisobga olsak, Trampning yo‘lida hech qanday to‘siq bo‘lmasligi kerak. Kellog Trampning prezidentlikka birinchi saylanganidan keyin ham AQSHning o‘tish davri ma’muriyatida edi. O‘shanda u mudofaa siyosati masalalari bilan shug‘ullangan, keyinroq, 2017 yilning yanvaridan 2018 yilning apreligacha AQSH Milliy xavfsizlik kengashining ijrochi kotibi, keyin esa vitse-prezident Mayk Pensning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi bo‘lgan.
LiveBarchasi