Trampning sabri tugadi – AQSH elchisi

Olam

image

AQSHning Turkiyadagi elchisi Tomas Barakning aytishicha, AQSH Prezidenti Donald Trampning Ukraina mojarosi borasida sabr-toqati tugagan. Bu haqda u Turkiyaning NTV telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.

Barakdan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning tashabbusi bilan Rossiya, Ukraina, Tramp va Erdo‘g‘anning ishtirokida to‘rt tomonlama uchrashuv o‘tkazilishi mumkinmi, degan savol so‘ralgan. Elchi bu borada AQSH Prezidenti nomidan gapira olmasligini ta’kidlab, agar uchrashuv o‘tkazilsa, u mazmunli bo‘lishi, samarali qarorlar qabul qilinishi va xavfsizlik kafolatlanishini aytgan. Uning fikricha, mojaroni tartibga solishda ikki tomon bilan aloqada bo‘lgan Turkiya muhim rol o‘ynayapti va yechim topish uchun kerakli masalalarni aniqlashda yordam bera oladi.

Barakning aytishicha, Trampni sabrli inson deb bo‘lmaydi va hozirda uning sabri tugagan.

“Turkiya operativ muammolarni bartaraf etayotgan bir paytda, yetakchilarning oliy darajadagi uchrashuvi o‘tkazilishi mumkin. Menimcha, bu muammoni barcha tomonlar uchun hal qilish mumkin”, degan elchi.

Oq uyning ma’lum qilishicha, Erdo‘g‘anning taklifidan keyin Tramp Rossiya va Ukraina yetakchilari bilan uchrashishga ochiq, agar bu zarur bo‘lsa. Biroq AQSH tomoni to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarni afzal ko‘radi. May oyi boshida AQSH Davlat departamenti vositachilik rolidan voz kechganini e’lon qilgan edi. Kreml esa, agar delegatsiyalar o‘zaro kelishuvga erishsa, Putin va Zelenskiy uchrashuvini istisno etmasligini bildirgan.

Istanbuldagi muzokaralar

Joriy yilning 2 iyun kuni Istanbulda Rossiya va Ukraina o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarning ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar 16 mayda uch yildan ortiq tanaffusdan so‘ng qayta tiklangan. Tomonlar tinchlikka erishish bo‘yicha memorandum loyihalarini almashdi. Rossiya hujjatida 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish yo‘llari ko‘zda tutilgan, Ukraina esa hujjatni o‘rganish uchun vaqt so‘ragan.

Shuningdek, taraflar og‘ir yarador va yosh harbiy asirlar almashinuvi bo‘yicha kelishgan. Har bir tomon mingdan kam bo‘lmagan asirni topshiradi.

Rossiya, shuningdek, bir tomonlama tarzda 6 ming nafar halok bo‘lgan ukrain harbiysining jasadini topshirishga va’da bergan. Ukraina delegatsiyasi rahbari, Mudofaa vaziri Rustam Umarov ham jasadlar “6000 ga 6000” nisbatida almashilishini ma’lum qilgan. Ukrainalik bolalarni qaytarish masalasi ham muhokama qilingan.

Bundan tashqari, Rossiya jang maydonida halok bo‘lgan askarlar jasadini yig‘ib olish uchun 2-3 kunlik o‘t ochishni to‘xtatishni taklif etgan. Rossiya delegatsiyasi rahbari Vladimir Medinskiy buni ob-havo issiqligi va epidemiyalar xavfi bilan izohlagan. Zelenskiy esa bunday taklifni tanqid qilib, “o‘lmaslik uchun o‘t ochishni to‘xtatish kerak” degan.

Xullas, Moskva va Anqara kecha bo‘lib o‘tgan muzokaralarning ikkinchi bosqichini ijobiy baholadi. Kiyev uchinchi bosqich uchrashuvini iyun oyi oxirigacha o‘tkazishni taklif qilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Rajab Toyib Erdo'g'an Ukraina Tomas Barak

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing