Trampning odami yana Putin bilan uchrashdi (video)
Olam
−
25 aprel
3009Bugun, 25 aprel kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin AQSH Prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff bilan uchrashdi. Bu haqda Rossiya Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ikki davlat vakillari o‘rtasidagi uchrashuv mahalliy vaqt bilan 14:30 da boshlangan va u Kremlda bo‘lib o‘tmoqda.
Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning bildirishicha, bu ularning so‘nggi ikki hafta ichidagi ikkinchi va yil boshidan beri to‘rtinchi uchrashuvi sanaladi.
Muzokaralarda Rossiya Prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov va Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi bosh direktori rahbari Kirill Dmitriyev ham ishtirok etmoqda.
Muzokaralar mavzusini na Moskva, na Vashington rasman e’lon qilgan, ammo, katta ehtimol bilan gap Ukraina inqirozini hal qilish va Donald Tramp taklif qilgan tinchlik rejasini kelishish haqida ketmoqda.
Ma’lumot uchun, Putin va Tramp vakili o‘rtasidagi so‘nggi uchrashuv joriy yilning 11 aprel kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Sankt-Peterburgdagi prezident kutubxonasi binosida bo‘lib o‘tgan edi. Uchrashuv to‘rt soatdan ko‘proq davom etgan. Suhbat yopiq eshiklar ortida bo‘lib o‘tgan. Ushbu uchrashuvda ham asosiy mavzu Ukrainadagi vaziyat edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoffning samolyoti Rossiyaning Vnukovo aeroportiga qo‘ngani haqida xabar berilgandi.
LiveBarchasi