Trampning odami Eron masalasini hal qilish uchun Ummonga bordi
Olam
−
12 aprel
1376AQSH Prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoffning samolyoti bugun, 12 aprel kuni Ummonga qo‘ndi. Bu haqdagi ma’lumotni “Flightradar24” portali tasdiqladi.
Ma’lum qilinishicha, amerikalik amaldor o‘tirgan Gulfstream G650ER samolyoti Ummon aeroportiga qo‘ngan. Ushbu samolyot kecha, 11 aprel kuni soat 22:59 da Uitkoffning Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvi yakunlangach, Sankt-Peterburgdan uchib ketgan.
Tramp vakilining hozirgacha kim bilan uchrashgani haqida aniq ma’lumotlar taqdim etilmagan.
Ma’lumot uchun, Stiven Uitkoff bugun, 12 aprel kuni Ummonda Eron va AQSH o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan uchrashuvda asosiy muzokarachi sifatida ishtirok etadi.
Eslatib o‘tamiz, 11 aprel kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Sankt-Peterburgdagi prezident kutubxonasi binosida Amerika yetakchisining maxsus vakili Stiv Uitkoff bilan uchrashuv o‘tkazgandi. Bu to‘rt soatdan ko‘proq davom etdi. Suhbat yopiq eshiklar ortida bo‘lib o‘tdi va Moskva vaqti bilan 22:00 atrofida yakunlandi. Asosiy mavzu Ukrainadagi vaziyat edi. Endi esa Uitkoff Eron masalasini hal qilish uchun Ummonda hozir bo‘lib turibdi, ammo o‘tgan kunlarda AQSHda Stiv Uitkoffning Rossiya va Eron bilan bir vaqtning o‘zida muzokaralar olib borish imkoniyatiga shubha bildirilgandi.