Trampning Kanada, Meksika va Xitoyga bojlari kuchga kirdi
Olam
−
04 mart
2162AQSHning Meksika, Kanada va Xitoyga bojlari bugun, 4 mart kuni yarim tundan keyin kuchga kirdi. Bu haqda Oq uy ma’lum qildi.
Meksika va Kanada tovarlariga tariflar 25% ni tashkil qiladi. Xitoy tovarlari uchun bojlar 10 foizdan 20 foizga oshirildi.
Fevral oyi boshida AQSH Prezidenti Meksika, Kanada va Xitoydan keladigan tovarlarga tariflar joriy etish haqidagi farmonni imzoladi.
Meksika va Kanada yetakchilari amerikaliklar bilan muzokaralardan so‘ng bir qancha yon bosish orqali kechikish bo‘yicha kelishib olgandi. Ottava, xususan, AQSH bilan chegarani mustahkamlash uchun 1,3 milliard dollarlik rejani amalga oshirishga va narkotik moddalar savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha yangi majburiyatlarni olishga va’da berdi.
Meksika rasmiylari, o‘z navbatida, noqonuniy migratsiya va giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashni kuchaytirish uchun AQSH bilan chegarada 10 ming meksikalik askarni joylashtirishga rozi bo‘ldi.
Xitoy Savdo vazirligi esa tovarlarga qo‘yilgan yuqori bojlar tufayli AQSHdan o‘ch olish rejasini e’lon qildi. Vazirlik AQSHning harakatlaridan “qat’iy norozilik” bildirdi. Vazirlik AQSHning xatti-harakatlari Jahon Savdo Tashkiloti qoidalarini buzishini va ko‘p tomonlama savdo tizimiga tahdid solayotganini qayd etdi. Tramp Xitoy tovarlariga tariflarni oshirish qarorini Xitoy sintetik opioidlar, jumladan, fentanil bilan kurashish uchun “adekvat choralar” ko‘rmagani bilan izohladi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Xitoy AQSH Prezidenti Donald Trampning boj tariflari siyosatiga javoban 10 martdan boshlab Amerika qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga qo‘shimcha 10-15 foiz boj joriy qilishi ma’lum qilingandi.
LiveBarchasi