Trampning 100 kunlik reyting natijasi so‘nggi 80 yildagi eng past darajaga tushdi

Olam

image
Tramp bilan 100 kun: so‘nggi 80 yildagi eng past natija north_east

Tramp bilan 100 kun: so‘nggi 80 yildagi eng past natija

AQSH Prezidenti Donald Trampning davlat rahbari lavozimiga kirishganining 100 kunligida uni ma’qullash reytingi so‘nggi 80 yil ichidagi eng past darajaga tushdi: amerikaliklarning 55 foizi Oq uy rahbarining faoliyati haqida salbiy fikr bildirdi, faqat 39 foizi esa uning harakatlarini qo‘llab-quvvatladi. Bu natijalar 27 aprel kuni e’lon qilingan bo‘lib, 18–22 aprel kunlari Ipsos kompaniyasi, ABC News telekanali va “The Washington Post” gazetasi tomonidan AQSHning 2464 saylovchisi o‘rtasida o‘tkazilgan qo‘shma so‘rovnoma asosida e’lon qilindi.

“The Washington Post” gazetasi so‘rov natijalarini shunday sharhladi: 

“Aksariyat amerikaliklar Prezident davlat rahbarining vakolatlarini kengaytirishga, federal xizmatchilarni ishdan bo‘shatish orqali federal ishchi kuchi hajmini qisqartirishga, federal agentliklarni yopishga va siyosiy raqiblarga qarshi choralar ko‘rishga harakat qilib, “haddan oshyapti”, deb hisoblaydi”.

Gazeta chop etgan AQSH prezidentlari ro‘yxati aks etgan jadvalda ham Trampning bugungi reyting natijasi eng past ko‘rsatkich ekani ko‘rsatilgan. Jadval izohida: “Trampning ma’qullash reytingi birinchi yoki ikkinchi prezidentlik muddatining 100-kunida har qanday oldingi prezidentdan pastroq”, deyilgan.

Jumladan, so‘rovda qatnashganlarning 67 foizi respublikachining yaqindagi fond bozori qulashi paytidagi harakatlaridan norozi ekanini bildirgan, 64 foiz ishtirokchi chet el mahsulotlariga boj joriy etilishini qo‘llab-quvvatlamagan, 61 foiz esa AQSHning boshqa mamlakatlar bilan olib borayotgan siyosatiga salbiy munosabat bildirgan.

72 foiz respondentlar Trampning harakatlari yaqin orada retsessiya (iqtisodiy pasayish) keltiradi, deb hisoblaydi. 40 foizdan ortiq ishtirokchilar esa o‘z shaxsiy moliyaviy ahvolining yomonlashganini aytdi. 

Fevral oyida — Tramp ko‘plab farmonlarni imzolagandan so‘ng — uning faoliyatini amerikaliklarning 45 foizi qo‘llab-quvvatlagan, 53 foizi esa uning ishini ma’qullamagan edi. Birinchi prezidentlik muddatida 100 kunlik ish faoliyati natijasida Trampning ma’qullash reytingi hozirgidan 3 foiz yuqori bo‘lgan edi.

Tramp esa so‘rov natijalaridan norozi bo‘ldi va o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida quyidagilarni yozdi: 

“Bizda endilikda erkin va adolatli matbuot yo‘q. Bizda yomon maqolalar yozadigan va so‘rov natijalarini ommaviy ravishda soxtalashtiradigan matbuot bor. Ular muruvvatsiz va korrupsiyalashgan. Achinarli holat!”

Shuningdek, Tramp OAVni faqat salbiy tarzda yoritishda aybladi va ularni “xalq dushmanlari” deb atadi. 

“Ular haqiqatan ham xalqning dushmanlari! Men ularga omad tilayman, lekin Amerikani yana buyuk qilish uchun kurashishda davom etaman!” degan Oq uy rahbari.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing