Tramp bilan 100 kun: so‘nggi 80 yildagi eng past natija

Tahlil

2025 yil 20 yanvarda qasamyod qilgan Donald Tramp AQSH Prezidenti lavozimini ikkinchi marta egalladi. Shu vaqtdan beri shuncha o‘zgarishlar ro‘y berdiki, 100 kun mamlakatni 180 darajaga burish uchun deyarli hayratlanarli darajada qisqa muddatdek tuyuladi. Tashqi siyosatda yo‘nalishlar o‘zgarishidan tortib, butun dunyodan tovarlarga bojlar joriy etilishigacha deyarli har kuni Oq uydan chiqqan yangiliklar jamoatchilik diqqat markazida turibdi.

“Qaysi tomonda bo‘lishingizdan qat’i nazar, ko‘pchilik odamlar juda ko‘p voqealar sodir bo‘lganini tan oladi”, deydi Vashingtondagi Amerika universiteti davlat boshqaruvi va siyosat professori Patrik Meloun “Deutsche Welle”ga bergan intervyusida. 

Uning ta’kidlashicha, Prezident “albatta, boshidanoq barcha yo‘nalishda faol harakat qilgan”.

DW'ning yozishicha, buning ortida muayyan strategiya bor. AQSH demokratiyasi tamoyillariga qarshi qaratilgan keskin choralar haqidagi doimiy xabarlar oqimi siyosiy raqiblarni “shokka tushirish” va harakatsiz holatga keltirishni maqsad qilgan. AQSH fuqarolari esa yangi kursga rozi bo‘lmagan holda, avvalo nimaning o‘ziga qarshi norozilik bildirishni bilmay qolgan: Trampning iqlim o‘zgarishini inkor qilishi va neft qazib chiqarishni oshirish rejalarimi? Yoki hukumat federal sudyalarning aniq buyrug‘iga qaramay, muhojirlarni deportatsiya qilganda hokimiyatlar bo‘linishining buzilishimi? Yoki OAV va so‘z erkinligining cheklanishi, xohlamaydigan OAVlarni Oq uyga kiritmaslik va nomaqbul tadqiqotchilar yoki universitetlarning moliyalashuvini to‘xtatishmi?

Trampning ikkinchi muddatdagi ma’muriyati mamlakatni tarixdagi eng keskin darajada bo‘lib yubordi. Ammo u 2024 yil noyabrdagi saylovlar oldi kampaniyasida o‘z tarafdorlariga va’da qilganlarning qanchasini amalga oshirdi?

Ukrainadagi urush: 24 soatda tinchlikka erishish

Tramp 2023 yil may oyida Nyu-Hempshirdagi tadbirda agar u saylansa, Ukrainadagi urushni qisqa muddatda tugatishini aytgan edi. 

“Ruslar ham, ukrainlar ham o‘lyapti. Men ularning o‘lishini to‘xtatishni istayman, va men buni amalga oshiraman, 24 soat ichida”, degan edi u.

Biroq urush hali ham davom etmoqda. “The Time” nashriga bergan intervyusida Tramp bu gaplarini sho‘xlik bilan aytganini tan oldi. 

“Aniqki, odamlar men buni aytganimda hazillashganimni bilishgan, lekin shu bilan birga men urushni tugatish niyatida ekanimni bildirgan edim”, dedi u.

Ammo Tramp ham bir kunda urushga nuqta qo‘ya olmasligini tushunib yetdi. AQSH tinchlikka erishish ustida ittifoqdoshlari bilan katta hamkorliksiz ish olib bormoqda — va Rossiya tomoniga Ukrainadan ko‘ra yaqinroq turibdi. Tramp Vladimir Putin bilan telefon orqali birinchi suhbatidayoq Rossiya agressorining talablariga jiddiy imtiyozlar berdi.

Boshqa tomondan, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Tramp va uning vitse-prezidenti Jeyms Devid Vens tomonidan “nominnatdorlik” uchun tanqidga uchradi. Ukrainaga harbiy yordam to‘xtatildi. Yaqinda esa Tramp Kiyevni Qrimni qaytarish pozitsiyasida qolgani uchun tanqid qildi, uningcha, tinchlik uchun Qrimdan voz kechish kerak edi. Urushdan charchagan ukrain xalqi esa Trampning siyosati qay tarzda burilganini hayrat bilan kuzatmoqda.

Shuningdek, AQSHning G‘arbdagi hamkorlarida ham tashvish uyg‘ondi. Tramp NATO bilan munosabatlar haqida bir necha bor shubhalarini bildirdi. U hatto, NATOga a’zo bo‘lgan va uning fikricha, mudofaa xarajatlariga yetarlicha mablag‘ sarflamayotgan davlatlar Putinning hujumiga uchrasa, AQSH ularni himoya qilmasligini aytdi. Keyinroq u bu so‘zlarini rad etdi, ammo Yevropada Amerikaga ishonch ancha susaygani ma’lum bo‘ldi.

Immigratsiya: “Qon to‘kkan jinoyatchilarni haydash”

Immigratsiya siyosati Trampning saylovoldi kampaniyasidagi asosiy mavzulardan biri bo‘lgan. 2024 yil oktyabrda Nyu-Yorkda o‘tkazilgan tadbirda u saylovda g‘alaba qozonsa, AQSH tarixidagi eng katta deportatsiya dasturini boshlashga va’da bergan edi. Tramp qon to‘kkan jinoyatchilarni qamoqqa tashlab, keyin ularni mamlakatdan iloji boricha tez haydashini aytgan edi.

2025 yil fevralida, Tramp hokimiyatga kelganidan keyingi birinchi to‘liq oyda, AQSH hukumati taxminan 11 ming migrantni deportatsiya qildi. Solishtirish uchun, 2021 yil fevralida, Jo Bayden ma’muriyatining ilk oyida taxminan 12 ming kishi deportatsiya qilingan edi. Ammo NBC News'ning ta’kidlashicha, Tramp davrida Meksika chegarasi orqali kirishlar kamaygan.

“Tramp, albatta, immigratsiyani murakkablashtirdi. Kimdir buni yutuq, kimdir esa Amerika qadriyatlariga zid deb hisoblaydi”, deydi professor Meloun. 

Iqtisodiyot: “Amerika qaytadi”

Tramp o‘z rahbarligida AQSH iqtisodiyoti parvoz qiladi, deb ishontirgan edi. Uning va’dalaridan biri — “Amerikani yana hamyonbop qilish” edi — ya’ni narxlar tushishi kerak edi. Va bu, Ukrainadagi urush masalasida bo‘lgani kabi, prezidentlikning birinchi kunidan boshlanishi kerak edi.

Ayrim sohalarda bu maqsadga erishildi. Masalan, benzin narxlarida. Shuningdek, aviachiptalar va mehmonxonalarda yashash narxlari ham, inflyatsiya kabi, pasaydi. Odatdagi ya’ni benzin va oziq-ovqat narxlarini hisobga olmagan holdagi o‘rtacha narxlar 2025 yil mart oyida o‘tgan yilga nisbatan 2,8 foizga oshdi. “Associated Press”axborot agentligining yozishicha, bu so‘nggi to‘rt yil ichidagi eng past o‘sish ko‘rsatkichidir.

“Prezidentning siyosati inflyatsiyani tiyadi. Savdoda bo‘layotgan o‘zgarishlar bilan birga olib qaralganda, bu Amerika qaytyapti, degan ma’noni anglatadi”, degandi CNBC telekanaliga bergan intervyusida Donald Trampning bosh iqtisodiy maslahatchisi Stiven Miran. 

Biroq ko‘plab amerikaliklar uchun supermarketga borish hali ham Tramp prezidentlikka kelgan davrning boshidagiday qimmatga tushmoqda. Ikki nafar kishidan iborat oila uchun haftalik oziq-ovqat xarajatlari 150 dollardan ortiq bo‘lishi mumkin.

Bojlar: “Achinarli darajada ochiq chegaralarga barham berish”

Saylovda g‘alaba qozongandan so‘ng Tramp “achinarli darajada ochiq chegaralar” siyosati va AQSHning savdo balansidagi tanqislikka barham berishini e’lon qildi. U har bir savdo hamkoridan olinadigan boj miqdoriga teng bojlarni AQSH tomonidan joriy etishni rejalashtirgan edi. Bu va’da aprel oyida amalga oshirildi. Ko‘p hollarda AQSH tomonidan joriy etilgan bojlar hatto yuqoriroq bo‘ldi.

Biroq bu ayrim tovarlarni amerikalik iste’molchilar uchun qimmatlashtirdi va mavjud savdo munosabatlarini xavf ostiga qo‘ydi. 

Pewinion Research Institute tomonidan o‘tkazilgan so‘rovga ko‘ra, amerikaliklar hozirgi iqtisodiy vaziyat va mamlakatning kelajagini fevral oyiga — Trampning inauguratsiyasi va bojlar joriy etilishidan avvalgi davrga nisbatan tanqidiyroq baholamoqda. Avvalroq so‘rovda ishtirok etganlarning 40 foizi kelasi yil fevraligacha iqtisodiy vaziyat yaxshilanishini kutgan bo‘lsa, 37 foizi yomonlashishini aytgan. Ammo aprel oyiga kelib, faqat 36 foizi vaziyat yaxshilanishini kutayotganini aytdi, 45 foizi esa u yomonlashishini taxmin qilmoqda.

Hukumatda barqarorlik yetishmayapti

Ba’zi bir noaniqliklar shundan kelib chiqmoqdaki, Tramp ma’muriyati bojlarni joriy qilgani kabi tezlik bilan bekor qilib yoki to‘xtatib turmoqda. Amerika universiteti professori Melounning ta’kidlashicha, bunday “tepa-past” siyosat har qanday yaxshi ishlaydigan hukumatning asosiy ustuni — barqarorlikka zarar yetkazadi.

“Ilk 100 kun g‘ala-g‘ovur va shovqinga to‘la o‘tdi, lekin bu to‘liq taraqqiyot degani emas”, deydi u. 

Tramp ma’muriyati ko‘plab siyosatlarni joriy qildi, keyin esa ularni bekor qildi. Bu, ayniqsa, bojlar masalasida va ko‘plab vazirliklarda shtatlar qisqartirilishida o‘z aksini topdi. Avval minglab xodimlar ishdan bo‘shatildi. Biroz vaqt o‘tib, aviatsiya yoki yadroviy xavfsizlik sohasidagi ayrim mutaxassislar zarur ekani ma’lum bo‘lgach, ular ishga qayta olindi.

“Bunday tarzda boshqarish juda qiyin. Har qanday hukumatga izchillik, prognoz qilish mumkinligi va barqarorlik kerak. Bizda esa hozir bu narsalar yo‘q”, deydi Meloun.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing