Xushomadgo‘y Tramp va jiddiy Si: muzokaralarda kim qaysi kartani ochdi?

Olam

image
Soxta tabassumlarga boy tashrif. Tramp Xitoyda! (fotoreportaj) north_east

Soxta tabassumlarga boy tashrif. Tramp Xitoyda! (fotoreportaj)

Kecha, 14 may kuni Pekinda AQSH Prezidenti Donald Tramp va XXR Raisi Si Szinpin o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Muzokaralarning yakunlari bo‘yicha tomonlar umumiy, ammo yaxshi kayfiyatdagi bayonotlar berdi. 

Ularning e’tibor qaratgan jihatlari bir-biridan biroz farq qildi: Xitoy tomoni asosiy urg‘uni Tayvan masalasiga qaratib, bu muammoning “noto‘g‘ri hal etilishi” Xitoy-Amerika munosabatlarining butun majmuasini xavf ostiga qo‘yishi mumkinligidan ogohlantirgan bo‘lsa, AQSH tomonidan Tayvan haqida biron og‘iz ham so‘z aytilmadi. Buning evaziga Oq uy Vashington va Pekinning Hormuz bo‘g‘ozidagi vaziyat bo‘yicha pozitsiyalari deyarli bir xil ekanini ishonch bilan ma’lum qildi. 

Ikki davlat yetakchilarining Xalq Assambleyalari saroyidagi muzokaralari go‘zal va tantanali marosim bilan boshlandi. Dastlab Si Szinpin va Donald Trampni Tyananmen maydonining g‘arbiy chegarasi bo‘ylab joylashgan ushbu ulug‘vor bino oldiga to‘shalgan qizil gilamning ikki tomonida saf tortgan, parad libosidagi ofitserlar guruhi qutladi.

Tramp va Si ushbu gilam ustidan tribunaga qarab yurdi va u yerdan turib salyutni tomosha qilgach, qo‘llarida gullar hamda AQSH va Xitoy bayroqlarini tutgan boshlang‘ich sinf o‘quvchilari safi oralab o‘tdi. Amerika Prezidenti bolalarni ikkala qo‘lining bosh barmog‘ini yuqoriga ko‘targan holda (like belgisi bilan) qutladi, XXR raisi esa odatdagidek vazminroq yo‘l tutdi – u shunchaki salomlashish belgisi sifatida qo‘l silkib qo‘ydi. Marosim Xitoy armiyasi orkestrining chiqishi bilan yakunlandi, shundan so‘ng ikkala yetakchi ikki tomonlama muzokaralar uchun bino ichkarisiga yo‘l oldi.

Muzokaralar oldidan so‘zlagan kirish so‘zida Donald Tramp mezbonga xushomad qilishdan boshlab, Si Szinpinni “buyuk yetakchi” deb atadi.

“Men hammaga aytyapman: siz – buyuk yetakchisiz. Ba’zida odamlarga bu gapim yoqmaydi, lekin baribir aytaveraman, chunki bu haqiqat”, deydi Tramp xitoylik hamkasbiga yuzlanib. 

So‘ngra u o‘z suhbatdoshiga yana bir bor hurmat bajo keltirib, ko‘pchilik ushbu uchrashuvni “tarixdagi eng muhim uchrashuv” deb hisoblayotganini ta’kidladi. 

“Amerikada odamlar bundan boshqa narsa haqida gapirishmayapti”, deydi Oq uy rahbari.

XXR raisining kirish nutqi esa Trampning ekspromt (to‘satdan aytilgan) bayonotlaridan farqli o‘laroq, ancha chuqurroq va hazilkashlikdan yiroq bo‘ldi. 

Rais Si shunday dedi: 

“Butun dunyoni qiziqtirayotgan asosiy savol – “ikki mamlakat muammolarga birgalikda qarshi turish va dunyoga kattaroq barqarorlik olib kirish uchun hamkorlik qila oladimi” hamda “ushbu ikki davlat “Fukidid qopqoni”dan (gegemonlik maqomiga da’vogarlar o‘rtasidagi yetakchilik kurashida to‘qnashuvning muqarrarligini anglatuvchi ibora) qochib, yirik davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarning yangi modelini shakllantira oladimi?”.

Biroq keyinroq, yopiq eshiklar ortida, Si Szinpin Pekin va Vashington tomonidan barqaror va oldindan aytib bo‘ladigan munosabatlarni kutayotgan butun dunyoni xavotirga soluvchi nuqtani tilga olgan.

“Tayvan masalasi Xitoy va AQSH munosabatlaridagi eng muhim muammodir. Agar u noto‘g‘ri hal etilsa, ikki mamlakat to‘qnashishi yoki hatto nizoga kirishishi mumkin, bu esa Xitoy-Amerika munosabatlarining butun majmuasini o‘ta xavfli vaziyatga solib qo‘yadi”, deya Si Szinpindan iqtibos keltirdi Xitoyning CCTV davlat telekanali.

Tramp bunga nima deb javob bergani sirligicha qoldi. Ikki soatlik muloqotdan so‘ng yetakchilar Osmon ibodatxonasiga – o‘tmishda Genri Kissindjer va AQSHning sobiq prezidenti Jerald Ford ham tashrif buyurgan Min sulolasi davriga oid diniy majmuaga yo‘l oldi. Oq uy esa o‘sha vaqtgacha muzokaralar yakuni bo‘yicha bironta ham qisqa xabar e’lon qilmagan edi.

Muzokaralarning ayrim tafsilotlarini – umumiy bo‘lsa-da – birinchi bo‘lib Xitoy davlat OAVlari tarqatdi. Masalan, “Sinxua” xabariga ko‘ra, yopiq eshiklar ortidagi uchrashuvda Si bir kun avval ikki mamlakat iqtisodiy va savdo delegatsiyalari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar “umuman olganda muvozanatli va ijobiy natija” berganini aytgan.

Si Szinpin Amerika biznesi vakillaridan iborat delegatsiyaga Xitoy “dunyo uchun eshiklarini yanada kengroq ochishini”, AQSH kompaniyalari esa Xitoyda “yanada porloq istiqbollarga ega bo‘lishini” ta’kidladi.

XXR Tashqi ishlar vazirligining rasmiy bayonotida qayd etilishicha, Rais Si va Prezident Tramp yaqin uch yil va undan keyingi davrda strategik yo‘nalish bo‘lib xizmat qiladigan “Xitoy va AQSH o‘rtasida yangi asos sifatida konstruktiv, strategik va barqaror munosabatlarni qurishga” kelishib olgan.

Amerika tomoni esa jim turdi. To‘lib-toshib gapirishi bilan tanilgan Donald Tramp ham Pekindagi fotosessiya vaqtida jurnalistlar unga savol berganda ajablanarli darajada sukut saqlagan. CNN telekanali videosida ko‘rinishicha, Osmon ibodatxonasidan chiqishda muxbirlar Amerika Prezidentidan xitoylik mavqedoshi bilan Tayvan masalasini muhokama qilgani haqida ikki marta so‘ragan, biroq u bu savollarni e’tiborsiz qoldirgan va Sining yonida bir muddat jim turgach, u yerdan uzoqlashgan.

Kechga yaqin, hashamatli davlat banketi (ziyofati) boshlanishidan biroz oldin, Oq uy nihoyat ertalabki muzokaralar yakunlari bo‘yicha o‘z bayonotini chiqardi. Yetakchilar uchrashuvini “muvaffaqiyatli” deb atagan Amerika tomoni unda ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash yo‘llari, jumladan, Amerika biznesining Xitoy bozoriga kirishini kengaytirish, shuningdek, AQSH iqtisodiyotiga Xitoy investitsiyalari hajmini oshirish masalalari muhokama qilinganini ma’lum qildi.

Amerika talqiniga ko‘ra, Si va Tramp Hormuz bo‘g‘ozi ochiq qolishi kerakligi borasida ham yakdil fikrga kelgan.

AQSH bayonotidan kelib chiqilsa, Xitoy bo‘g‘ozni harbiylashtirishga va undan foydalanganlik uchun haq undirishga qaratilgan har qanday urinishlarga qarshi chiqqan, shuningdek, kelajakda ushbu transport arteriyasiga qaramligini kamaytirish maqsadida Amerika nefti xaridlarini ko‘paytirishga qiziqish bildirgan.

Oq uyning xabar berishicha, Xitoy va AQSH rahbarlari “Qo‘shma Shtatlarga kirib kelayotgan fentanil prekursorlari oqimini to‘xtatish va Xitoy tomonidan Amerika qishloq xo‘jaligi mahsulotlari xaridlari hajmini oshirish borasida erishilgan muvaffaqiyatlarni yanada rivojlantirish zarurligini ta’kidlagan”.

Oq uyning uchrashuv yakunlari bo‘yicha rasmiy xabarida Tayvan haqida biron og‘iz ham so‘z yuritilmagan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing