Tramp yana yangi bojlar e’lon qildi

Olam

image

Kecha, 13 aprel kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp kelasi hafta yarimo‘tkazgichlar importiga yangi bojlar joriy etishini e’lon qildi. Bu haqda Oq uy rahbari Air Force One samolyoti bortida jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan navbatdagi uchrashuvda so‘z ochgan.

Ma’lum qilinishicha, Prezident Qo‘shma Shtatlarga ushbu mahsulotlarni olib kirganlar qanday stavkalarda soliqqa tortilishi haqida aniqlik kiritmagan, faqat bojlar miqdori ishlab chiqaruvchiga qarab farq qilishi aytilgan.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, bu masalada moslashuvchanlik ko‘rsatish kerak.

“Biz o‘z chiplarimiz, yarimo‘tkazgichlar va boshqa tovarlarimizni mamlakatimizda ishlab chiqarmoqchimiz”, deya aytib o‘tgan Tramp.

Bundan tashqari, Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yarimo‘tkazgichlar va boshqa komponentlar importi bo‘yicha milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan tekshiruv o‘tkazishni buyurishini ma’lum qilgan.

“Biz milliy xavfsizlik tariflari bo‘yicha bo‘lajak tekshiruvlarda yarimo‘tkazgichlar va butun elektronika ta’minoti zanjirini ko‘rib chiqmoqdamiz”, deya yozadi Oq uy rahbari.

“Reuters”ning yozishicha, yarimo‘tkazgichlarga yangi bojlar ushbu mahsulotning asosiy ishlab chiqaruvchilari bo‘lgan Sharqiy Osiyo mamlakatlari bilan savdo urushining yanada kuchayishiga, shuningdek, Amerika texnologiya kompaniyalari uchun uzoq muddatli oqibatlarga olib keladi.

Ma’lumot uchun, yarimo‘tkazgichlar elektronika va mikroelektronikada juda keng qo‘llanilib, zamonaviy elektr jihozlarning deyarli hammasi – kompyuterlardan tortib, to uyali aloqa telefonlarigacha barchasi yarimo‘tkazgichli texnologiyaga asoslangan. Eng keng qo‘llanadigan yarimo‘tkazgich modda kremniy sanaladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 130 davlat AQSH ma’muriyati bilan bog‘lanib, tariflar bo‘yicha muzokaralar olib borish istagini bildirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp yarimo'tkazgich

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing